(+998 78) 129-59-59

O’zbekistonda meva-sabzavotchilik rivojlanishi. Italiyadan nigoh

O’zbekiston meva-sabzavotlarni ishlab chiqarish, ularni saqlash va qayta ishlash sohasida erishgan muvaffaqiyatlar hamda jabhaning istiqbollari qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish bo’yicha dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadigan Italiyada ham ijobiy baholanmoqda. Jumladan, “Italiafruit News”,  “FreshPlaza”,  “Eurasian Business Dispatch” va  “MySnack” singari Italiya axborot portallari O’zbekiston agrar jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlar o’zining ijobiy samaralarini berayotganini o’quvchilarga ma'lum qilar ekan, “bunday islohotlar xorijga qishloq xo’jaligi masulotlari yetkazib berish hajmlarini uch barobarga ko’paytirish va hammasi bo’lib dunyoning 43 mamlakatiga, shu jumladan, 9 ta yangi yo’nalishda 65 turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatini yaratdi”, deya ta'kidlagan.
Italiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, o’tgan yil iyul va noyabr oyilari Toshkentda bo’lib o’tgan navbatdan tashqari va birinchi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida o’tkazilgan uchrashuvlar hamda imzolangan shartnomalar eksport jo’g’rofiyasining sezilarli darajada kengayishiga ko’maklashdi. Bundan tashqari, 2020 yilga qadar meva va sabzavot ishlab chiqarishni 26 million tonnaga yetkazish bo’yicha qo’yilgan maqsad ham o’zbek ishlab chiqaruvchilarining xalqaro ko’rgazma va yarmarkalarda faol ishtirok etishiga rag’batlantirmoqda.
Shuning munosabati bilan, “Italiafruit News” ixtisoslashgan agentligi O’zbekistonda toza va qayta ishlangan meva-sabzavotlarni jahon bozorlariga yetkazib berish samaradorligini oshirish bo’yicha e'tiborga molik chora-tadbirlar ko’rilayotganini alohida qayd etgan.
O’z navbatida, «Chezena Fiyera» kompaniyasi prezidenti Renso Pirachchini 44 yildan beri meva-savzavotchilik sohasida, 25 yil davomida esa ana shunday mahsulot ishlab chiqaruvchilar guruhiga rahbarlik qilib kelayotgani xususida to’xtalib, O’zbekistonning qishloq xo’jalik ne'matlari haqida atroflicha va ijobiy ma'lumotlarga ega ekanligini aytdi.
-  O’zbekiston shitob bilan ravnaq topib borayotgan bu jabhada katta salohiyatga egadir, - dedi u. - Ishonchim komilki, bunday rivojlanish sur'atlari bilan respublika hademay oziq-ovqat mahsulotlarining yirik eksportyorlari qatoridan joy oladi. Ushbu fursatdan foydalanib, o’zbek ishlab chiqaruvchilarini joriy yil 10-12 may kunlari Rimini shahrida bo’lib o’tadigan  Xalqaro meva-sabzavot, uskuna-jihozlar, qayta ishlash va qadoqlash 34-ko’rgazmasida - Macfrut-2017  (Fruit & Veg Professional Show) qatnashishga taklif etaman. Bu tadbir o’zbekistonlik  sheriklarimizga yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan o’zaro manfaatli hamkorlik o’rnatish, iste'molchilar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqalarni yo’lga qo’yish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish texnologiyalari va bu sohadagi eng yangi muvaffaqiyatlar bilan bevosita tanishish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi, deb o’ylayman.