(+998 78) 129-59-59

Namanganlik tadbirkor 500 gektar yerga pomidor ekmoqda.

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi fermer Murodjon Ibrohimov O‘zbekistonda analogi kam biznesga qo‘l urdi: 500 gektar maydonda pomidor yetishtirib, mahsulotni qayta ishlagan holda tomat pastasi ishlab chiqarib, xorijga eksport qilish loyihasini amalga oshirmoqda!
  -“Uchqo‘rg‘onda sabzavotchilik keng rivojlangan. Mahalliy aholi orasida ko‘pchilik pomidor ekish bilan shug‘ullanib keladi. Lekin ko‘p hollarda hosil uvol bo‘lib ketardi. Sababi to‘la qayta ishlashning imkoniyati yo‘q edi. Tomat ishlab chiqaruvchi kichik seximiz bor edi, lekin birinchidan ishlab chiqarish hajmi kichkina edi, qolaversa ishlab chiqarilgan mahsulot xalqaro talablarga javob bermasdi, ya’ni eksportbop emasdi.
O‘zbekistonda sabzavot yetishtirish imkoniyatlari kengligi va tannarxining boshqa davlatlarga qaraganda ancha arzon tushishini hisobga olgan holda zamonaviy texnologiyalarda tomat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. 
Maqsadimiz 500 gektar yerda pomidor yetishtirish va mahsulotni o‘zimizda qayta ishlash bo‘yicha taklif tayyorlash bo‘ldi. Loyihamiz keng ma’qullandi, davlat dasturiga kiritildi. Bizga pomidor yetishtirish uchun 500 gektar, ko‘chat tayyorlash uchun issiqhona qurishga 11 gektar, tomat ishlab chiqarish uchun zavod qurishga 7 gektar yer ajratib berildi. Loyihamizning yutug‘i shunda ediki, bu miqdorda bizga yer berilgan taqdirda yiliga 10 million AQSh dollarilik eksportni amalga oshirishni kafolatlagandik.
2016 yil noyabr oyida 2 million AQSh dollari miqdorida kredit oldik va ishga boshladik. Bugun, 2017 yil fevral oyi oxiriga 11 gektar maydonda qator issiqxonalar qurib bitkazildi, mustaqil umumiy isitish tizimini qurib bitkazdik. Hozirda issiqhonalar ko‘chat uchun urug‘ sepishga shay holatga keltirildi.
Xitoydan texnologiya sotib olishdagi kelishuvimizga binoan, xitoylik hamkorlarimiz tomonidan keladigan vakillar urug‘ sepishdan to tayyor mahsulotni ishlab chiqargunga qadar bo‘lgan jarayonda biz bilan birga bo‘lishadi, bu biznesning o‘ziga xos jihatlarini o‘rgatishadi.
500 gektar maydonda pomidor ekishning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun suv va o‘g‘itni tejash maqsadida tomchilab sug‘orish tizimini joriy etyapmiz. Bu ishni mahalliy firmalardan biriga topshirdik. 11 milliard so‘m evaziga 500 gektar yerga to‘laligicha tomchilab sug‘orish va o‘g‘itlash tizimi o‘rnatiladi.
Mahsulotni terib olish uchun Italiyadan ikkita pomidor terish kombayni buyurtma berdik. Rejamiz – gektaridan 120 tonnadan pomidor yetishtirish.
Mahsulotimizni qayta ishlab tomat pastasi chiqarish uchun 7 gektar maydonda ishlab chiqarish liniyasi – “Ideal tomato” zavodining qurilishi boshlandi va iyun oylariga yakunlanadi. Ishlab chiqarish hajmimiz o‘z mahsulotimizga nisbatan ko‘proq, sababi mahalliy aholi bilan bug‘doyni yig‘ib olgandan keyin bo‘shab qolgan dalalarga 600-700 gektar joyga pomidor ekib bizga topshirish bo‘yicha shartnoma tuzyapmiz. Ko‘chatni biz bepul yetkazib beramiz, yig‘ilgan hosilni 100% sotib olamiz. Bu bilan har gektarga o‘rtacha 4-5 kishi hisoblaganda, 3000 dan ziyod mavsumiy ish o‘rni yaratyapmiz. O‘z dalamizda, ishlab chiqarishda faoliyat yuritadigan 300 ziyod ishchini qo‘shganda, ancha mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda.
Mahsulotimiz uchun hozirdanoq talablar yetarli bo‘lmoqda. Hozircha mahsulotimizni 200 litrlik bochkalarda yetkazib berish bilan boshlamoqchimiz. Kelgusi yillarda o‘z savdo markamizni yaratib, dunyo bozoriga chiqarishni rejalashtiryapmiz.”