(+998 71) 129-59-59

Bog‘larda erta bahorgi yumushlarni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar

Daraxtlarga shakl berish butash-siyraklashtirish ishlari bu yil nisbatan kechroq boshlanganligi sababli, ushbu agrotexnik jarayonlar daraxtlarning kurtaklari bo‘rtishiga qadar tugatilishi zarur.
O‘rikning shoxchalari yaxshi o‘sib chiqishi uchun uchdan bir qismiga yoki yarmiga qisqartiriladi. 20–25 yoshli daraxtlarida o‘sish jarayoni qisqarib, hosildorlik pasayib ketadi. Bu davrda daraxtlar ikki-to‘rt yillik shoxi butab tashlanadi. Qarib qolgan yoki o‘sish jarayoni susaygan daraxtlarni besh-etti yilligi butab yoshartiriladi. Shagal qatlami yuza bo‘lgan yerlarda o‘rikni 10–12 yoshdayoq yoshartirish, 17–20 yoshda esa soyalatuvchi asosiy shoxlar va qalin o‘sgan novdalarni olib tashlab, besh-olti yoshlik shoxigacha butash kerak. 30–35 yoshli daraxtlar yetti-sakkiz yillik shoxigacha kesib yoshartiriladi. Unumdor tuproqlardagi o‘rik daraxtlar ham shu tarzda yoshartiriladi.
Olxo‘rining ko‘pgina navlarida meva tugish organlari qisqa meva shoxchalari–pixsimon shoxchalardan iborat bo‘ladi. Yosh olxo‘ri daraxtining pastki qismi yalang‘ochlanib qolmasligi uchun shoxlar siyraklashtiriladi va qisqartiriladi. Shox-shabbasi tik o‘sgan, kuchli shoxlanadigan navlarda birinchi keyin esa ikkinchi tartibdagi shoxlar balandligida qisqartiriladi. Bo‘yiga o‘sishini, boshqa mevali daraxtlardagi kabi cheklab turish zarur.
Barcha hollarda birinchi navbatda, kasallangan, qurib qolgan va bir-biriga tegib shikastlanadigan shoxlar olib tashlanadi.
Gilosning Napoleon Rozoviy, Valeriy Chkalov, Volove serdse, Revershon, Bahor va Drogana jeltaya navlarida kurtaklar uyg‘onishi va asosiy shoxlarda yosh shoxchalarni o‘sib chiqishini kuchaytirish maqsadida, asosiy shoxlar qisqartiriladi.
Yosh daraxtlardagi uzunligi 40–45 sm. li novdalarini chilpish ham yaxshi natija beradi. Uzun novdalarni egib, yarus hosil qilinsa, undan kurtaklar chiqa boshlaydi. Shoxlarni qisqartirish va chilpish shox-shabbani ixcham qiladi, shoxlarda o‘suv novdalarini ko‘payishi va dasta shoxlarining o‘sishiga yordam beradi.
Yaxshi shoxlanadigan Valeriy Chkalov va Bahor kabi navlarda faqat uzun (50–60 sm) novdalar qisqartiriladi.
Shox-shabbasini shakllantirishda daraxtlarning bo‘yiga va yon tomonga o‘sishini cheklashga e’tibor berish kerak. Agar gilos novdalari sust o‘ssa, shoxlar ikki-uch yillik shoxigacha qisqartiriladi. Daraxt qariy boshlaganda shox-shabbasini ko‘proq butash yo‘li bilan yoshartiriladi.
Olcha – boshqa turdagi daraxtlarga nisbatan kam butaladi. Faqat juda zarur bo‘lganda ya’ni qalinlashib ketgan shox-shabbalar, singan, qurigan shoxlari olib tashlanadi. Qarib yoki o‘sishi susaygan (10 sm. gacha), hosili kamaygan davrda daraxt holatiga qarab, uch-besh yillik shoxigacha kesib yoshartiriladi, tik o‘sadigan navlar ko‘proq, shoxlari yoyilib, kosasimon o‘sadiganlari esa kamroq kesiladi.
Shaftoliga ekilgan yili uch-beshta ona shoxdan shox-shabba hosil qilish maqsadida kosasimon shakl beriladi. Kuchli va baland o‘sadigan navlariga shox-shabbasi to‘rt-olti ona shoxdan iborat kosasimon shakl beriladi.
Birinchi shox 35–40 sm balandlikda, qolganlari bir-biridan 15–20 sm masofada bo‘lishi kerak. Shaftoli butalmasa shox-shabbasi qalinlashib, ichki qismidagi shoxlarning bargi to‘kilib ketadi, mevalar faqat tashqi shoxlarda hosil bo‘ladi. Dastlabki bir-ikki yil davomida bir yillik novdalar qisqartirib turiladi va shox-shabba siyraklashtiriladi. Asosiy shoxlarning uchidan o‘sib chiqqan, uzunligi 50–60 sm va undan uzun novdalar uchdan bir qismiga yoki yarmiga, kaltaroqlari esa chorak qismiga qisqartiriladi.
Asosiy shoxlardagi meva shoxchalari, zaif va shox-shabbani soyalashtiruvchi shoxlar xalqasimon tarzda kesiladi, bunda kuchli o‘sgan shoxlar bir-biridan 10–15 sm oraliqda qoldiriladi. Meva kurtaklari shoxning pastki qismida hosil bo‘ladigan navlarda uning asosiga yaqin o‘sgan shoxlar ko‘proq kesiladi, kurtaklar shox uchida hosil bo‘ladiganlarida kamroq kesiladi. Shoxlarning uzun o‘sib ketishi va egilib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, ularni bir-birining o‘rnini bosish usulida kesiladi, ya’ni hosil bergan shoxlar pastroqda joylashgan, meva kurtaklari yetarlicha miqdorda bo‘lgan shoxlar balandligigacha kesiladi, meva beradigan shoxlarda esa uch-to‘rtta ko‘zcha qoldirib kesiladi. Shaftoli qariganda yoki sovuq urganda butab yoshartiriladi. Bunda ikki-uch yillik novdaga kuchliroq sovuq urganda yoki qarib qolganda katta yoshdagi shoxlar sog‘lom qismigacha kesiladi.
Ґosilli bog‘ va tokzorlarni erta bahorda (mart oyi boshlarida) oziqlantirish uchun mineral o‘g‘itlardan sof holda azotli o‘g‘it–120 kg, fosforli o‘g‘it 90 kg va kaliy o‘g‘itidan 30–45 kg bir gektarga (20–25 sm chuqurlikda) solish kerak. Tuproq unumdorligi past bo‘lgan bog‘larda ekinlar hosildorligini oshirish maqsadida, ushbu me’yor 20–30 foizga oshiriladi. Mineral o‘g‘itlar organik o‘g‘itlar bilan qo‘shib berilsa, samarasi oshadi.
Bahor faslida qisqa muddatli sovuqlar tez-tez takrorlanib turishi daraxtlarga salbiy ta’sir etadi. Buning oldini olish maqsadida, bog‘ning har bir gektar maydoniga tutatish uchun go‘ng, xashak va xazon aralashmasini yig‘ib qo‘yish (uyumlar soni 150–200) zarur. Yana bir tadbir bu – bog‘lar qator oralarida sug‘orish ariqlarini olib, sovuq kelishi oldidan, ariqlardan oz miqdorda jildiratib suv oqizish natijasida havo harorati 2–3oS ko‘tarilishi evaziga ekinlarni qora sovuqlardan saqlash mumkin.
Bog‘larda daraxtlarning kurtaklari bo‘rtganda havo harorati + 10oS dan past bo‘lmaganda danakli, urug‘li bog‘larga 3 foizli Bordo suyuqligi bilan ishlov beriladi (100 l suvga 3 kg mis kuporosi + shuncha so‘nmagan ohak).
Daraxtlar gullab bo‘lgach Bordo suyuqligining 1 foizli eritmasi (100 l suvga 1 kg mis kuporosi + shuncha so‘nmagan ohak) purkaladi. Bunda chuqur ta’sir etuvchi fungitsidlar yaxshi samara beradi. Buning uchun daraxtlar gullab bo‘lgach Topsin-M (1 l/ga ) preparatini 0,1 foizli qilib sepiladi. Bayleton (0,2–0,3 l/ga), Folikur (0,25 l/ga), Vektra (0,3 l/ga) preparatlaridan ham foydalanish mumkun.
Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganida danakli meva (o‘rik, shaftoli, gilos) bog‘larida paydo bo‘lgan monilioz, klyasterosporioz, gommoz va barg bujmaloqligiga qarshi 5 foizli OOQ yoki 3 foizli Bordo yoki 1 foizli mis kuporosi yoki 2–3 foizli temir kuporosi bilan kurtaklar bo‘rtish arafasida ishlov berish kerak.
Daraxt tanalari va skelet shoxlarini ohak bilan oqlanadi. Bunda 10 l suvga 2 kg ohak va 1,5 kg tuproqni aralashtirib daraxtlarning tanasi va ona shoxlari oqlanadi. Bu bilan novdalardagi kurtaklarning harakati kechiktiriladi.
Yangi bog‘lar barpo qilishda bog‘ atrofini ihotalashtirish nihollarni shamollardan himoyalash imkonini beradi. Buning uchun terak, o‘rik, jiyda yoki yong‘oq kabi daraxt ko‘chatlarini ekish kerak.
Rezavor mevali o‘simliklardan qulupnayzor qator oralari va tup atrofi yumshatiladi. Mart oyining boshlarida, tuproq yetilishi bilan o‘simlik tuplarining eski barglari olinib, daladan tashqariga chiqarib, yoqib yuboriladi. Ekin qator oralariga ishlov berishdan oldin mineral o‘g‘itlardan 90 kg azotli va 50–60 kg fosforli o‘g‘it solinib yumshatiladi, tup atrofi qo‘lda chopiq qilinadi. Mazkur tadbirdan 20–25 kun o‘tgach ikkinchi ishlov beriladi.
Qorag‘atzorlarda (smarodina) ekin tuplariga shakl beriladi. Bunda birinchi navbatda, qurib qolgan, singan va kasallangan novdalari olib tashlanadi. Tupdagi nimjon novda va shoxlar, ya’ni o‘simlikning asosiy qismini salqinlatib qo‘yadigan, yerdan ko‘karib chiqqan bachki novdalari kesib tashlanadi.
Qorag‘at tupidagi asosiy hosil o‘tgan yili chiqargan novdalarida shakllanadi. Yillar o‘tishi bilan o‘simlik 2 va 3-tartib novda chiqaradi, hosilning shakllanishi markazidan uzoqlashib boradi. Novda chiqarish tartibi qancha ko‘p bo‘lsa, tukkan mevalari ham shunchalik mayda bo‘ladi. Shuning uchun 5 yoshga yetgan shoxlar kesib tashlanib, o‘rniga yangi chiqqan bir yillik novdalardan 4–5 tasi qoldiriladi. O‘simlik 4–5 yoshga yetganda bir tupda har xil yoshdagi novdalar soni 15–20 ta bo‘lishi kerak.

Qorag‘at tuplariga shakl berib bo‘lingach qator oralari yumshatilgach 120–150 kg sof azot hisobida azotli o‘g‘it solinib, sug‘oriladi.
Malinazorlarda qurib qolgan va ko‘p o‘sgan nimjon novdalar olib tashlanadi. Qator oralari 10–12 sm, tup orasi 4–5 sm chuqurlikda yumshatiladi. Mineral o‘g‘itlardan erta bahorda gektariga 150–200 kg hisobida azotli o‘g‘it bilan oziqlantiriladi hamda ketma-ket sug‘oriladi.
Sitrus o‘simliklarini issiqxonalarda mart oyigacha daraxtlarga shakl berilgach, o‘sib ketgan, ichiga qaragan, tikka o‘sgan va shoxlari zichlashib ketgan novdalar siyraklashtiriladi. Shunda daraxt tupining o‘sishi va meva berishi yaxshilanadi.
Sitrus o‘simliklari me’yorida o‘sishi va yaxshi meva berishi uchun tuproqning dala nam sig‘imi 70–85 foizni tashkil etishi zarur. Sug‘orishlar bo‘lib-bo‘lib (mavsumda 25 martagacha) o‘tkazilishi kerak. Mart oyi boshlarida, ob-havoga, o‘simlik yoshi va meva berish darajasiga, sutkalik havo harorati o‘rtacha 12o S va tuproq harorati 9oS bo‘lganida o‘sa boshlaydi. Martning ikkinchi yarmidan sitrus o‘simliklar g‘unchalay boshlaydi. o‘unchalash bosqichi sutkalik o‘rtacha havo harorati 18,3–21oS va tuproq harorati 14,5–17oS bo‘lganida 25–28 kunga cho‘ziladi.
Kunlik havo harorati 20,5oS, tuproq harorati 21,5oS bo‘lgan mart oyi oxiri-aprel boshlarigacha gullaydi.
Bir, ikki va uch yoshli o‘simlik tagiga 10 kg go‘ng, 20 g. dan azot va fosfor hamda 10 g kaliy o‘g‘iti, meva beruvchi tuplar tagiga esa 20–25 kg. dan chirigan go‘ng va 80–100 g fosforli, 80–120 g azotli va 40–60 g kaliyli o‘g‘itlar solinadi (tuplarining yoshi kattalashgan sari solinadigan o‘g‘itlar miqdori ko‘paytiriladi). Bunda mineral o‘g‘itlar ikki muddatda: yarmi mart boshida, qolgani may oxiri-iyun boshlarida beriladi.
Sitrus o‘simliklari ko‘pincha, yumshoq soxta qalqondor, o‘simlik bitlari, kanalar bilan zararlanadi. Qalqondorga qarshi Vertemeks preparatining 0,5–0,8 foizli eritmasi 5–6 kun oralatib 2 marta purkaladi. Bunda o‘simlikning hamma qismini, ayniqsa, barglarini pastki tarafidan ho‘llash zarur. Qora kuyasimon zamburug‘lar barglar yuvilganda ketmaydi. Barglar 1 foizli Bordo suyuqligi eritmasi yoki 0,5 foizli mis, xlor oksidi eritmasi qo‘shimcha purkalganda xolos etadi. Vaqti-vaqti bilan yuvib turish ham foyda beradi. Ishlov ertalab va kechqurun yoki bulutli kunlarda o‘tkaziladi. O‘simlik gommoz yelim oqish bilan kasallanganida, kasallikning ilk bosqichida shikastlangan po‘stloq qismi va yog‘ochi sog‘lom qatlamgacha kesib tashlanadi. Shundan so‘ng tozalangan joy 3 foizli mis kuporosi bilan dizenfeksiya qilinadi. Gommoz bilan zararlangan va qurigan daraxt tanasining atrofi ildizi bilan qazib olinib yoqib yuboriladi, tuprog‘i esa 1 foizli formalin eritmasi bilan dizenfeksiyalanadi.
Tokzorlarda ta’mirlash ishlari, ya’ni temir-beton ustunlarni to‘g‘rilash, simlarni tortib chiqish, ustun taglarini zichlash ishlari tugallanadi.
Mart oyining ikkinchi yarmidan, ayrim hududlarda esa oyning oxiridan boshlab tok tuplari ochilib, simbag‘azlarga ko‘tarib bog‘lash ishlari amalga oshiriladi. Qurib qolgan tuplar o‘rnini to‘ldirish uchun tok tuplarida qoldirilgan uzun novdalarni parxama (parxish) qilib to‘ldiriladi.
Toklar simbag‘azlarga ko‘tarib bog‘langach, mahalliy o‘g‘itlardan go‘ng: 10–20 t/ga, mineral o‘gitlardan sof holda azotli 60 kg/ga, kaliyli 30 kg/ga hisobida solinib, qator oralari haydalib, tup atroflari yumshatiladi.
Mazkur tadbirlar o‘z vaqtida, oqilona bajarilsa bog‘-tokzorlardan mo‘l va sifatli hosil olishga erishiladi. 

R.Abdullayev, J.Agzamxodjayev