(+998 78) 129-59-59

Intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, yaroqsiz bog‘ va tokzorlarni rekonstruksiya qilish, meva va uzum ko‘chatlarni ekish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar

Respublikamizda juda katta maydonda yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilmoqda hamda eski bog‘-tokzorlar qayta ta’mirlanmoqda. Ana shu yangi bog‘-tokzorlarni to‘liq ko‘kartirib olish asosiy vazifalarimizdan biridir.
Yangi bog‘lar tashkil etishda intensiv, tez hosilga kiruvchi pakana va yarim pakana payvandtaglarga ulangan mevali daraxtlar ko‘chatlari ekilishiga alohida e’tibor qaratish zarur.
Respublikamizda keyingi 6 yil ichida 32 ming gektardan ortiq yerda intensiv usulidagi urug‘li bog‘lar tashkil qilindi. Bu bog‘larning ko‘chatlari asosan dastlabki yillarda Serbiya, Turkiya va Polsha mamlakatlaridan olib kelindi.
Intensiv bog‘larni afzalligi bu daraxtlarning tanasi kichik bo‘lganligi uchun ular bilan ishlash qulay (ishlov berish, sug‘orish, kesish, shakl berish, dori sepish va mevani terish). Bunday bog‘larda daraxt tanasiga yorug‘lik tushishi, havo aylanishi yaxshi bo‘lganligi uchun mevasini sifati yuqori bo‘ladi. Mevasini terishda ham ancha qulayliklar bor, ayniqsa simbag‘azga olingan bog‘larda narvon ishlatmasdan hosil teriladi, bunda ish unumli, yuqori bo‘lishi bilan birga terilgan mahsulotning tovar sifati ham yuqori bo‘lib, nobud bo‘ladigan mevalar soni kamayadi.
Intensiv bog‘larning hosildorligining yuqoriligini ta’minlashda, tuproqni doim oziqlantirib turish zarur. Buning uchun har yili 30–40 t chirindi, 240–260 kg azot sof holda, 120–150 kg fosfor sof holda va 60–70 kg kaliy sof holda solib turiladi.
Ushbu agrotexnik jarayonlar o‘z vaqtida o‘tkazilsa, har gektar maydondan 4–5-yili 50–60 t hosil olishga erishiladi.
Ma’lumki, yurtimizning iqlim sharoitida pakana payvandtaglarga ulangan ko‘chatlarning turlari va navlariga qarab, parvarish ishlarini olib borishlari talab etiladi.
Intensiv mevali bog‘larni tashkil etish hamda ularni parvarish qilish uchun quyidagilar tavsiya etiladi.
Ko‘chat ekish uchun maydonni tayyorlash. Kuzda ko‘chat ekish uchun tanlab olingan maydon plantaj plugi bilan 50–60 sm chuqurlikda haydalgan bo‘lishi kerak. Agarda maydon haydalmagan bo‘lsa, bahorda 35–40 sm chuqurlikda yer haydalib, tekislanib, ko‘chat ekish uchun reja tortiladi. Reja tortishda ekiladigan ko‘chat turlariga qarab, pakana payvandtakka ulangan olma ko‘chatlari 3,5×2,5 m, o‘rta o‘suvchi 3,5×3 m, nok ko‘chatlari uchun 3,5×2 m, o‘rta o‘suvchi 3,5×2,5 m, MM-106 payvandtakka ulangan o‘rta o‘suvchi ko‘chatlarda olma 6×4 m, 6×5 m, nok uchun 5×3 m, 5×4 m sxemalari tavsiya etiladi.
Olinadigan hosildorlikni miqdori faqat nav va payvandtagdan, agrotexnika saviyasidan emas, balki o‘simliklarning qator orasi va daraxt oralig‘iga ham bog‘liq.
Maydonda qancha ko‘chat ko‘p bo‘lsa, hosil shuncha ko‘p bo‘ladi, lekin daraxtlarning joylashish zichligining ham chegarasi bor. Bu daraxtlarning hajmiga va qator oralarining texnika bilan ishlov berish darajasiga ham bog‘liq. Hosilni sifati va miqdoriga daraxt tanasiga tushadigan yorug‘likni sifati va miqdoriga ham uzviy bog‘liq.
Ko‘chat ekish. Ko‘chat ekiladigan chuqurlarni chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lib, chuqur qazishda tuproq ustining 20–25 sm qismi chuqurning bir tomoniga olib, chuqurning qolgan qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. Chuqurga ko‘chat ekishdan oldin 350–400 g fosforli, 30–40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8–10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi.
Ko‘chatni ekishdan oldin alohida tayyorlangan shatmoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda qaymoqsimon qilib tayyorlanadi), botirib olib ekiladi. Ko‘chat chuqurga qo‘yilib, oldin olingan tuproq chuqur tagiga solinib, ildiz payvand qilingan joyi tuproqdan 4–5 sm yuqorida bo‘lishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘latib suv quyiladi. Bunda tuproq zichlanib, ko‘chat yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib to‘ldiriladi.
Ko‘chatlarni parvarishlash. Ekilgan ko‘chatlar vegetatsiya davrida ko‘chatlarning atroflari qatqaloq bo‘lib qolmasligi uchun yumshatib turiladi. Tuproq sharoitiga qarab, 10–12 dan 16–20 martagacha suv beriladi. Har sug‘orishdan so‘ng tuproq kultivatsiya qilinadi. Zarurat bo‘lgan vaqtda yosh nihollarning kasallik va zararkunandalariga qarshi ishlov beriladi.
Yangi ekilgan ko‘chatlarni dastlabki davrida suv bilan ta’minlashga katta e’tibor berish zarur. Ko‘chatlar to‘liq ko‘karib ketishi uchun (agar tomchilatib sug‘orish sistemalari ishga tushmagan bo‘lsa) ko‘chat atrofini aylana shaklida ariq olinib, ariq to‘lguncha suv quyish lozim yoki ariq orqali sug‘orilsa, ko‘chat atrofidan suvni aylantirib o‘tkazib sug‘orish zarur. Ob-havo va tuproq sharoitiga qarab yosh bog‘larga yil davomida 12–20 marotabagacha suv beriladi. Ko‘chatlar atrofini qatqaloq bo‘lib qolmasligi uchun har sug‘orishdan so‘ng 10–12 sm chuqurlikda yumshatib turiladi.
Yosh bog‘larni kasallik va zararkunandalarga chidamlilik darajasi ancha past bo‘ladi. Shuning uchun bularni oldini olib yoki zarurat tug‘ilgan holda kurash choralarini qo‘llash zarur.
Shakl berish. O‘zbekiston sharoitida pakana payvandtagda ekilgan intensiv bog‘larda, ko‘chatlarga 60 sm yuqoridan kesilib, shakl beriladi. Xorijdan kelayotgan ko‘chatlarni veretino shaklida, ya’ni asosiy lider novda qoldirilib, yoniga ko‘proq novda berishga qaratiladi. Shakl berishda ko‘chatning asosiy lider shoxida daraxt tanasi uchun 50 sm qoldirilib, undan yuqorisiga 8–10 ta ko‘z qoldirilgan holda, yana ship 3 ta ko‘z qoldirilib, ortiqchasi kesiladi.
Kelajakda yetarli shoxlashi uchun 50 sm tanasidan yuqorida joylashgan 3 ko‘z oysimon shaklida (ko‘chat ko‘chatxonasida shoxlamagan bo‘lsa) ko‘zni o‘sishi qismidan kerbovka (kesish) qilinadi, shuningdek, yana uchta ko‘z tashlab, yana uchta ko‘z to‘g‘ri chiziq shaklida kerbovka qilinadi. Bu jarayonni ko‘chat yaxshi o‘sa boshlagan davrida amalga oshirilsa yaxshi natija beradi. Shoxlangan shoxlar iyul-avgust oylarida 90° egiladi va bog‘lanadi. Yosh o‘sgan novdalarda meva kurtaklarini hosil qilish maqsadida ular ma’lum vaqtida chilpib (chekanka) turiladi. Bu usul meva kurtaklarini ko‘proq hosil bo‘lishini ta’minlaydi.
Temir beton ustunlar o‘rnatish va sim tortish. Ekilgan ko‘chatlarni birinchi yilni o‘zida simbag‘azlarga bog‘lab, parvarish qilish uchun temir beton ustunlar o‘rnatiladi. Ekilgan ko‘chatlarni sxemasiga qarab, bir gektar maydonga qator orasi 3 m bo‘lsa, 429 dona, 3,5 m – 370 dona, 4 m bo‘lganda – 325 dona temir beton ustun sarf bo‘ladi. Ruxlangan 2,5 mm qalinlikdagi simdan 450–600 kg sarflanadi.
Ko‘chatlarni simbag‘azlarga bog‘lab parvarish qilish. Yangi ekilgan olma, nok bog‘lariga temir beton ustunlar o‘rnatilib, sim tortilgach, ko‘chatlarning novdalari simlarga bog‘lab chiqiladi hamda kelajakda novdalar o‘sib, rivojlanishi uchun parvarish ishlari olib boriladi.
O‘g‘itlash. Yosh ekilgan ko‘chatlar yaxshi rivojlanib, o‘sishi uchun aprel oyining ikkinchi yarmida har bir ko‘chat atrofiga sof holda 100–120 g. dan azotli o‘g‘it solinadi. Ikkinchi marta iyun oyida shuncha miqdorda yana azotli o‘g‘it solinadi.
Tomchilatib sug‘orish tizmi mavjud bo‘lgan bog‘larda barcha mineral ozuqalarni suv orqali tomchilatib berish maqsadga muvofiqdir. Bunda o‘g‘itni o‘zlashtirish samaradorligi ancha yuqori bo‘ladi.
Yosh pakana payvandtagli bog‘lar orasiga birinchi yili sabzavot, poliz, kartoshka ekinlari ekish mumkin. Ikkinchi yildan ushbu ekinlar ekish tavsiya etilmaydi. Chunki bog‘ qator orasiga ishlov berilishi sababli ekinlar ekilmaydi.
Birinchi yili yosh ko‘chatlar qishga yaxshi tayyorlanishi bois sentabr oyining ikkinchi yarmidan sug‘orish tavsiya etilmaydi.
Oktabr-noyabr oylarida yosh nihollar orasi hamda ko‘chatlarning qator orasi chopilib, yumshatiladi, begona o‘tlardan tozalanadi. Tuproqda namlik yaxshi saqlanadi.
Kuzda noyabr oyida fosforli hamda kaliy o‘g‘it, ya’ni gektariga 90 kg, fosfor 45 kg kaliy va 20 t organik o‘g‘it solinib chopiladi.
Yangi ekilgan intensiv bog‘lar ikkinchi yildan boshlab hosilga kiradi, 4–5-yili to‘liq hosil bera boshlaydi.
Tokzor maydonini tayyorlash va tuproqqa ishlov berish
Tokzor barpo etishdan oldin maydonni tanlash, toshlardan tozalash kerak. Mexanizmlarni ishlashi va tokzorlarni sug‘orishda yaxshi sharoit yaratish uchun notekis maydonlar tekislanadi. Yerni tayyorlash bo‘yicha ishlar buldozer, skreper, greyder va boshqa meliorativ mexanizmlar yordamida o‘tkaziladi.
Sizot suvlar yuza joylashgan sho‘rxok yerlarda ular sathini pasaytirish uchun vertikal yoki gorizontal zovurlar quriladi. Kuchli sho‘rlangan yerlar dastlab yaxshilab yuviladi. Yon bag‘irning tikligi 10° dan ortiq bo‘lgan tog‘li hududlarlar terraser, buldozer, greyderlar bilan terrasalanadi. Terrasalarning kengligi kamida 4 m. Agar yon bag‘irning tikligi 10° dan kam bo‘lsa, u holda toklar kontur usulda o‘tqaziladi.
Barcha tayyorgarlik ishlari tugallanganidan keyin tuproqqa ishlov beriladi. Tokzorlar mahsuldor bo‘lishi uchun birinchi navbatda tok ildizlarining rivojlanishi uchun optimal sharoit-yaxshi suv-havo va ozuqa rejimini yaratish zarur. Buning uchun ko‘chat o‘tqazishdan oldin tokzor barpo etiladigan maydon 50–60 sm chuqurlikda tuproq qatlamini to‘liq ag‘darib haydaladi. Bu ishlar T-4 yoki T-100 traktori bilan agregatlanadigan PPN-50 plantaj plugi vositasida bajariladi. Tuproq yaxshi yumshashi va ustki unumdor qatlam ko‘milishi uchun tok ildiz rivojlanish hududida yerni chimqirqar yordamida 50–60 sm chuqurlikda haydash zarur. Chuqur haydashdan oldin unumsiz tuproqlarga gektariga 20–30 tonnadan organik o‘g‘itlar yoki hosilga kirgan tokzorlarga solinadigan asosiy o‘g‘itlar miqdoridan ikki marotaba ko‘proq fosforli va kaliyli o‘g‘itlar solish maqsadga muvofiqdir.
Qo‘riq va bo‘z yerlarga tok o‘tqazishdan oldin o‘g‘it solmasa ham bo‘ladi.
Tok ko‘chatlari o‘tqazish. Maydonga tok ko‘chati o‘tqazishdan oldin uni kvartal, kartalarga bo‘lish va ular orasidagi yo‘llar chegaralarni belgilash uchun qoziqlar qoqiladi, yaratiladigan qatorlar yo‘nalishi tanlanadi.
Sug‘oriladigan tokzorlar qatorlar yo‘nalishi maydon nishabligiga mos bo‘lishi kerak. Relef sharoiti bo‘yicha bir necha tomondan sug‘orish mumkin bo‘lgan joylarda qatorlar yo‘nalishini tanlashda ularning umumiy uzunligi, nishabi, doimo esadigan shamollar yo‘nalishini hisobga olish zarur.
Yon bag‘irlarda tokzorlar barpo etishda qor-yomg‘ir suvlarini saqlab qolish, shuningdek, nurashning oldini olish uchun qatorlar asosan yon bag‘irga nisbatan ko‘ndalangiga yoki joy yuzasiga parallel ravishda kontur bo‘ylab, terrasalangan yon bag‘irlarda terrasa yo‘nalishi bo‘ylab joylashtiriladi.
O‘simliklarni o‘tkazish qalinligi tuproqlarning yaxshi o‘sishi va meva qilishi uchun qulay sharoit yaratish va tuproqqa ishlov berish, tuplarni ko‘mish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish bilan bog‘liq, barcha jarayonlarni kompleks mexanizatsiyalashtirishga imkon berish kerak.
Ko‘chatlarni bahorda kurtaklar yozilmasdan oldin o‘tqazish maqsadga muvofiqdir, kuzgi va qishki davrda iliq kunlarda ham o‘tqazish mumkin, lekin bunda ko‘chatlar 20 sm balandlikda tuproq bilan ko‘miladi.
Ko‘chatni suv bilan muntazam ta’minlanmagan, qondirib sug‘orish imkoniyati bo‘lmagan lalmikor va shartli sug‘oriladigan yerlarda kuz, qishda o‘tqazish maqsadga muvofiqdir.
O‘tqazishdan oldin ko‘chatlarning uch qismida o‘sgan ildizlar qirqiladi, past tomondagi ildizlar bir oz qisqartiriladi. Kuchli o‘sgan va to‘g‘ri joylashgan novdada bir ikkita, ikki-uchta ko‘zcha qoldirib, ortiqchasi kesib tashlanadi.
Ildizlarning o‘tqazish vaqtida va o‘tqazilgandan keyin sug‘orishgacha qurib qolmasligi uchun ular yangi go‘ng va loy aralashmasidan tayyorlangan suyuqlikka botirib olinadi.
Har bir ko‘chatning o‘sish quvvati uning tutish va keyingi rivojlanishiga katta ta’sir etishini hisobga olib o‘tqazishdan oldin ko‘chatlarni guruhlarga ajratish lozim.
Avvalgi yillarda barpo etilgan tokzorlarning tutmagan ko‘chatlari o‘rniga rivojlangan ko‘chatlarni, yangi barpo etiladigan tokzorga yaxshi rivojlangan ko‘chatlarni o‘tqazish kerak.
Kuchsiz rivojlangan ko‘chatlardan so‘ngi navbatda foydalanish zarur, ular asosan bir maydonga o‘tqaziladi yoki tutmagan ko‘chatlar o‘rniga o‘tqazish uchun ko‘chatzorda qoldiriladi. Bir xil rivojlangan ko‘chatlarni o‘tqazish, ularni parvarishi va bir vaqtda to‘liq hosilga kirishini ta’minlaydi.
Ko‘chatlar maxsus NYu-19, MPS mashinalarida, shuningdek, gidroburg‘ilar yordamida 50 sm chuqurlikda o‘tkaziladi. Ko‘chatlar qo‘lda shunday o‘tkaziladiki, bunda ularning pastki ildizlari chuqurcha tubiga to‘kilgan tuproq uyumida bir tekis taqsimlanadi, so‘ngra yer ustida bitta-ikkita ko‘zcha qoldirib, tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatlar o‘tkazilishi bilan tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatlar o‘tkazilishi bilan sug‘oriladi. Lalmikor yerlarda o‘tkazilgandan keyin har bir tup tagiga kamida 10 l suv quyiladi.
Kuzda va qishda o‘tkazilgan ko‘chatlarni sovuq urishdan saqlash uchun ular kamida 20 sm qalinlikda tuproq bilan ko‘miladi.
Yosh tokzorlarni parvarishlash. Ko‘chatlarning tutishi va rivojlanishi, ularning mevaga kirishi, bo‘lajak hosil va uning sifati yosh tokzorni parvarishlashga bog‘liq.
Qatqaloq paydo bo‘lishiga, begona o‘tlarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Tok ko‘chatlari o‘tkazilgach dastlabki yilda ularning ildiz tizimi uncha yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Shu sababli tokzorni tez-tez sug‘orib turish lozim. Bunda tuproq kamida bir metr chuqurlikda namlanishi kerak. Ko‘chatlar o‘tkazilgandan so‘ng birinchi sug‘orish, keyingilari aprel, may, iyun va avgustda bir martadan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, noyabrdan martgacha bir-ikki marta zaxira suvi beriladi.
Sizot suvlar yuza joylashgan yerlarda ko‘pi bilan 3–4, shag‘alli yerlarda 1,5–2 marta ko‘proq, vegetatsiya sug‘orishlari o‘tkaziladi. Har bir sug‘orishdan 2–3 kun o‘tgach qator oralaridagi tuproq kultivatorlar yordamida yumshatiladi.
Yerdan va suvdan unumli foydalanish uchun tokzor qator oralariga dastlabki ikki yilda sabzavot, poliz ekinlari, ertagi kartoshka va boshka (baland bo‘yli o‘simliklardan tashqari) ekinlar ekiladi. Bu ekinlarni tokzor qatoridan kamida 50 sm masofada joylashtirish zarur.
Ko‘chatlar o‘tkazilgan yili tok barglarini rangi o‘zgarishidan (avgust-sentabr) va to‘kilishidan oldin navlar aralashganligini aniqlash uchun ular belgilanadi va o‘rniga shu asosiy nav ko‘chatlari oktyabrda yoki erta bahorda ekiladi. Tutmagan ko‘chatlar o‘rni ham to‘ldiriladi. Toklar o‘tkazilgan yili kesmasdan kulda ko‘miladi.
Bahorda kurtaklar bo‘rtmasdan oldin tuplar ochiladi. Dastlabki yillar yoki toklar bahorda kesiladi. Tokzorlar ikkinchi yili birinchi yildagidek, uchinchi yili hosilga kirgan tokzorlar kabi parvarish qilinadi. Agar dastlabki ikki yilda tokzorda ayrim tuplar qurigan bo‘lsa, ularning o‘rniga o‘sha navli kuchli ko‘chatlar o‘tqaziladi.
Uchinchi yildan boshlab (kuchli tuplarda ikkinchi yildan) nobud bo‘lgan tuplar asosan parxish qilish yo‘li bilan tiklanadi. Bunda onalik tupdagi sog‘lom, pishgan bir yillik novda olinib, qator bo‘ylab 50–60 sm chuqurlikda kovlangan chuqurga yotqiziladi. Chuqurga yotqizilgan novdaning uchi kerakli joyda tuproq yuzasiga chiqariladi, qolgan qismi esa ko‘chat o‘tkazilgandagi kabi tuproq bilan ko‘miladi. Tuproq yuzasiga chiqqan novda ikki-uchta ko‘zcha qoldirib kesiladi va qoziqqa bog‘lanadi. Ikki-uch yildan keyin parxish onalik tupdan ajratiladi. Yaxshi rivojlangan o‘simlikdan parxish yotqizish uchun iyul-sentabr oylari qulay. Joylashgan, zarur uzunlikka ega ko‘k novdalardan qoldiriladi. Barglari uzib tashlangan ko‘k novdalar yerga pishgan novdalar kabi yotqiziladi.
Tok o‘tqazish sxemasi. Tok o‘tqazish qalinligi tuproq-iqlim sharoitiga, ma’lum navdagi tuplarning o‘sish kuchiga, shuningdek o‘stirish usuliga bog‘liq. Tuproq qanchalik unumdor va tuplar qanchalik kuchli bo‘lsa, oziqlanish maydoni shunchalik katta bo‘ladi. Unumsiz tuproqlarda (shag‘alli, qumli va boshqalar) tok kuchsiz o‘sadi, oziqlanish maydoni ham kichik bo‘ladi (1-jadval).
Tavsiya etilayotgan tok ko‘chatlarini o‘tkazish sxemasi mavjud mashina va mexanizmlardan samarali foydalanishga imkon beradi.
1-jadval
Tok tuplarini joylashtirish sxemasi
O‘stirish tizimi    Qatorlar orasidagi masofa, m    Qatordagi tuplar orasidagi masofa, m
        Kuchli o‘suvchi
navlar    O‘rtacha o‘suvchi navlar
Sizot suvlar chuqur joylashgan tipik bo‘z tuproqli yerlardagi sug‘oriladigan tokzorlar
Tik simbagaz    3    3    2,5
Qayirma simbag‘az    3,5    2,5    2,0
Chuchuk sizot suvlar yuza joylashgan yerlardagi sug‘oriladigan tokzorlar
Tik simbag‘az    3    3    2,5
Qayirma simbag‘az    3,5–4    3,5    2,5
Shag‘alli yerlardagi sug‘oriladigan tokzorlar
Tik simbag‘az    3    2    1,5
Tog‘ va tog‘oldi tumanlaridagi shartli sug‘oriladigan tokzorlar
Tik simbag‘az    3    2,5    2,5
Qayirma simbagaz    3,5    2,5    2
Lalmikor yerlardagi tokzorlar
Tik simbag‘az    3    2,5    2,5
Qayirma simbag‘az    3,5–4    3    2,5
Terrasalardagi tik simbag‘az    –    3    2,5
                
Hosilli tokzorlarni parvarishlash. Tabiiy sharoitdan to‘liq foydalanish va har bir maydondan yuqori hosil olish uchun toklarni parvarishlashni maksimal mexanizatsiyalashda toklarni o‘stirishning turli tizimlari qo‘llaniladi. Bunda o‘sish sharoiti, xususiyati va olinadigan mahsulotdan qaysi maqsadda foydalanishi hisobga olinadi.
O‘sish kuchi turlicha bo‘lgan texnik navlarni, o‘rtacha o‘sadigan kishmish va xuraki navlar, shuningdek lalmikor yerlarda o‘stiriladigan toklarni tik simbagazda, kuchli o‘suvchi, xo‘raki va kishmish navlarni qayirma simbag‘azda o‘stirish kerak.
O‘stirish tizimiga ko‘ra tok tuplarini shakllantirish uchun ko‘chat o‘tkazilgandan so‘ng ikkinchi yili ustun o‘rnatilishi zarur. Temir-beton ustunlar uzoq hizmat qiladi va iqtisodiy jihatdan foydalidir. Yog‘och ustunlarni akatsiyadan yasash maqsadga muvofiq bo‘lib, ularni temir-beton asosga o‘rnatish zarur, bu ularning mustahkamligini oshiradi.
Tik simbag‘az. Simbag‘azni yasash uchun dastavval qator chetlariga ustunlar o‘rnatiladi; ularning kesimi oraliq ustunlar kesimidan kattaroq bo‘lishi kerak. 3 m uzunlikdagi oraliq ustunlar tokzor qatori bo‘ylab bir-biridan 8 m masofada o‘rnatiladi. Chetki ustunlar oxirgi tupdan tuplar orasidagi masofaning yarmiga teng masofada o‘rnatiladi va ular qator ichidan temir-beton tirgak bilan yoki tashqi tomondan langar qo‘yib mahkamlanadi. Tortiladigan simlarning miqdori tupning o‘sish kuchiga bog‘lik va sug‘oriladigan tokzorlarda to‘rt-besh, lalmikor yerlardagi tokzorlarda uch-to‘rt qator bo‘lishi mumkin.
Simbag‘azni o‘rnatish uchun 2,5–3 mm. li ruxlangan simdan foydalaniladi. Simbag‘azga materiallar sarfi tokzorlarga sarflanadigan materiallar miqdorida berilgan.
Pastki qatordagi birinchi sim yer yuzasida 50–60 sm balandlikda, ikkinchi va keyingilari bir-biridan 40–50 sm masofada tortiladi.
Bir gektarli tik simbag‘azli tokzorga sarflanadigan materiallar miqdori:
Tik simbag‘az qator orasidagi masofa – 3 m.
Qatorlar soni – 33.
Ustunlar – 297 dona.
Langar – 66 dona.
Oraliq – 297 dona.
Jami – 363 dona.
Xoda yoki temir – beton.
Simbag‘azga tortiladigan 2,5 mm li sim – 520 kg.
Ulash uchun 3–4 mm li sim, kg – 225 kg.
Tok tupiga shakl berish va kesish. Tok kesish muhim agrotexnik usul bo‘lib, tokning o‘sishi va meva qilishini tartibga soladi. Bu usul yordamida tokni parvarishlash uchun qulay shakl berilib, u tokzorlardan foydalanish davomida saqlab turiladi. Tokka to‘g‘ri shakl berilishi va oqilona o‘stirish tizimi tupdan uzoq vaqt va yuqori hosil olinishini ta’minlaydi, quyosh nuridan, issiqlik, suv va ozuqa moddalaridan to‘liqroq foydalanishga, shuningdek, mexanizatsiyani keng ko‘llanishiga imkon beradi.
Tok qishga ko‘miladigan mintaqada ko‘p yengli yelpig‘ichsimon shakl berish usuli keng qo‘llaniladi, bu tok tuplarni ko‘mishini osonlashtiradi, mo‘l hosil beradigan ko‘zchalarni qoldirishga imkon beradi.
Tupni bir tomonga yelpig‘ichsimon shakllantirishda qatordagi tuplar orasidagi masofa navlarning o‘sish kuchiga bog‘lik: kuchli o‘sadigan navlar uchun – 2,5 m, o‘rtacha o‘sadiganlar uchun – 2 m. Bir tomonlama yelpig‘ichsimon shakl berish uchun tupda faqat kerakli tomonga o‘sgan novda va yenglar qoldiriladi. Tuplarni shakllantirishda va ulardan foydalanishda o‘z vaqtida va to‘g‘ri homtok qilish muhim ahamiyatga ega.
Shakllantirilgan tuplarni har yili kesishdan asosiy maqsad yaxshi, sifatli yuqori hosil olishni ta’minlash, tup shaklini saqlash, nav xususiyatlari va qo‘llaniladigan agrotexnika va muayyan o‘sish sharoitiga ko‘ra ko‘zchalar miqdorini tartibga solishdan iboratdir.
Tupda yetarli miqdorda kurtaklar bo‘lmasa, rivojlanadigan novdalar soni kamayib ketadi, kurtaklar normadan ortiqcha bo‘lsa, hosildorlik pasayadi, uzum boshi va mevasining o‘rtacha og‘irligi kamayadi, keyingi yili meva olish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan novdalar uzunligi va soni qisqaradi.
Tokzorlarda tok kesishni erta va o‘rtapishar navlardan boshlash zarur, chunki ularning novdalari tezroq pishadi.
Shuni qayd qilish kerakki, homtokni (ko‘k novdalarni bog‘lash, tuplarda novdalar kam yoki ortiqcha bo‘lganida erta yozda chekankalash) to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazish kesishni osonlashtiradi va hajmini qiskartiradi. Homtok qilish vaqtida novdalarning kesilgan joyi kuzgi kesishdagiga nisbatan tezroq bitadi.
Tokni umum qabul qilingan texnologiya bo‘yicha kesish zarur. Bunda o‘tkir tok qaychi va arradan foydalaniladi. Yenglar faqat ichki tomondan kesiladi, bunda kesilgan joylar yaqinidagi zararlangan maydonlarning tutashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, bu tupning o‘sishini susaytiradi va hosildorligini kamaytiradi. Zanglarni kunda qoldirmay kesish, burchak kurtakdan novda hosil bo‘lishini istisno etish lozim. O‘rinbosar novda har doim mevali novdadan pastda va yengning tashqi tomonida qoldiriladi. Yengda bir necha mevali novda qoldirilganda kesish uzunligini ularning joylashganligiga ko‘ra tabaqalashtirish kerak: mevali novda yeng asosidan qancha uzoqda joylashgan bo‘lsa, u shunchalik uzoqda qoldiriladi. Novdadagi kesik silliq bo‘lishi va tez bitishi uchun tok qaychining bo‘rtiq kesuvchi jag‘i tupda qoladigan novda yoki yeng qismiga qaratiladi.
Kuzda tok kesishda shakllantirish uchun keraksiz novdalar va o‘sib ketgan yenglar olib tashlanadi, bir yillik novdalar ishlatilish maqsadiga (novda yoki mevali novda) ko‘ra kaltalashtiriladi.
Meva qiladigan tuplar tup boshidan kesiladi, bunda skelet novda bargdan tozalanadi. Tik o‘suvchi novdalar asosga taqab kesiladi. O‘sib ketgan va egilmaydigan bo‘lib qolgan yenglar olib tashlanadi yoki yaxshi rivojlangan tupning tashqi tomoniga o‘sgan novdachaga quriy boshlagan yenglar olib tashlanadi. Ular o‘rniga bachki novdalar qoldiriladi. Tupda pishgan novdada to‘rttadan kam bo‘lsa, u holda qator joylashgan kuchli novdalar yangi yeng shakllantirish uchun qoldiriladi. Yenglarda asosga yaqin joylashgan ikki-uchta kuchli novda tanlanadi, tupning ichki tomoniga qarab o‘sgan eng pastki 2–3 ta ko‘zcha, undan yuqorisida 6–7 ta, eng yuqorisida 10–15 ta ko‘zcha qoldirib kesiladi. Yeng tez o‘sib ketmasligi uchun o‘rinbosar novdalar qoldiriladi. Ikkita hosilli novda kuchli hosilli bo‘g‘inni tashkil etadi.
Tok ko‘miladigan rayonlarda kuzda dastlabki kesish vaqtida tuplarda qo‘shimcha kurtaklar (qabul qilingan normadan 20–25% miqdorida) qoldiriladi. Bahorda tuplar ochilgandan keyin kurtaklar qishda shikastlangan va singan novdalarni hisobga olgan holda qoldiriladi.
Tokdan har yili mo‘l va yuqori sifatli hosil olish uchun tuplardagi kurtaklar soni tokning o‘sish kuchi va meva qilish xususiyatlarini hisobga olgan holda navlar bo‘yicha tabaqalashtiriladi.
Meva qilish koeffitsiyenti past (rivojlangan novdalardagi uzum boshlari soni) bo‘lgan kuchli o‘sadigan navlar (Pushti Toyfi, Nimrang, Oq Husayni, Surxok Kitabskiy), shuningdek, Qora kishmish va Oq kishmishda ko‘zchalar ko‘proq qoldiriladi. Yenglarda kuchaytirilgan hosilli bo‘g‘inlar qoldiriladi, hosilli novdalar 10–15 ta ko‘zcha qoldirib kesiladi. Bir tupda 200–300 ta ko‘zcha qoldiriladi.
Bayan-shirey, Kuljinskiy, Soyaki navlari uchun oziqlanish maydoni 3×2,5 m bo‘lgan tupdagi ko‘zchalar 160–200 tani tashkil etadi.
O‘rtacha o‘suvchi Rkatsiteli, Saperavi, pushti Muskat, Aleatiko navlarida ko‘zchalar soni 150–180 taga yetkaziladi.
Hosil novdalari ko‘p bo‘lgan kuchsiz o‘sadigan Risling, Pino chernыy navlarida 80–100 ta ko‘zcha qoldiriladi.
O‘zbekiston sharoitida navning o‘sish kuchi va muayyan novdaga ko‘ra (kuchliroq novdalar uzunroq kesiladi) novdalarda 6–8, 9–12, 12–15 ta kurtak qoldirib, har xil uzunlikda kesiladi.
Respublikaning ko‘pgina tumanlarida tuplarni ko‘mishdan oldin va ularni ochgandan keyin bo‘ladigan sovuqlar ko‘zchalarning zararlanishiga, yengning ko‘p yillik qismlaridagi to‘qimalarning qisman qurishiga olib keladi.
Yildan-yilga shikastlanishlar ko‘payishi natijasida hosilli novdalardagi ko‘p novdalar qurishi mumkin.
Kuchli zararlangan tokzorlarda qisqa vaqt ichida tupning yer usti qismini qayta tiklash va bachkilardan hosil olish uchun tokni yaxshi parvarishlash zarur. Shuni hisobga olish kerakki, tup boshida va kalta kesilgan novdalarda yoki kundaning pastki qismida rivojlanmagan va uyg‘onmagan kurtaklarning katta zaxirasi bor, ulardan mevasiz novdalar rivojlanishi va tuplarning yer usti qismini qayta tiklash va hosil olish uchun foydalanish mumkin.
Yaxshi suv oziqa rejimi qo‘shimcha kurtaklarning rivojlanishini kuchaytiradi. Zararlangan tokzorlarni birinchi navbatda sug‘orish zarur. Sug‘orishdan oldin mineral o‘g‘itlar solish kerak.
Sug‘organdan keyin tup boshidan ko‘plab bachkilar o‘sib chiqadi, ulardan qulay joylashgan, tupning pastki qismida va qator bo‘ylab o‘suvchi 8–10 ta novda qoldiriladi, qolganlari olib tashlanadi. Bu ishni iloji boricha ertaroq, novdalar sinuvchanligida bajarish lozim.
Egiluvchan yengli qilib to‘g‘ri shakllantirilgan va kesilgan tup oson va ixcham joylashadi, bu tokni sifatli ko‘mishga imkon beradi.
Ko‘p yillik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning shimoliy hududlarida ko‘pincha noyabrning birinchi o‘n kunligida harorat -10–12°S gacha pasayadi, novdalari pishmagan tuplarga zarar yetkazadi, bunda ko‘milmaydigan tokzorlarga ancha ziyon yetishi mumkinligini hisobga olib, toklarni kesish, joylash va ko‘mish ishlarini oktyabrning ikkinchi yarmida tugallash kerak. Yarim yelpig‘ichsimon shaklda o‘stirishda ko‘p yillik zanglar faqat bir tomonga pastki va ikkinchi simga, hosil beruvchi novdalar birinchi va ikkinchi, istisno tariqasida uchinchi simga bog‘lanadi.
Muhim agrotexnik tadbirlardan biri tokni homtok qilish, novdalarni chilpish, bachki novdalarni olib tashlash va chekanka qilishdir. Novdalarning o‘sishi va yetilishi, hosil sifati, o‘simliklarni qishga tayyorlash mana shu agrotadbirlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri o‘tkazilishiga bog‘liq.
Homtok qilish. Tokda sho‘ralar paydo bo‘lishi bilan homtok qilinadi. Novdada sho‘ra o‘rnida jingalaklarning borligi uning hosil qilmasligidan dalolat beradi. Hosil qilmasligi aniq bo‘lgan novdalarni erta homtok qilish qo‘shimcha miqdorda novdalar, shu jumladan hosil qiladigan novdalarning rivojlanishiga yordam beradi. Homtokni erta gullaydigan navlar o‘tkazilgan maydonlardan boshlash zarur. Tokning ko‘p yillik zanglaridan o‘sib chiqqan bachki novdalar birinchi navbatda olib tashlanadi. Bunda tokni shakllantirish va zangning o‘rnini bosish uchun kerak bo‘ladigan bachki novdalar qoldiriladi. Agar tokda zararlanish natijasida yoki boshqa sabablarga ko‘ra kam novda rivojlangan bo‘lsa, ham bachki novdalarning bir qismi oziqlanish yuzasini oshirish uchun qoldiriladi.
Har bir nav uchun tupdagi hosil qilmaydigan novdalar nisbati olinadigan hosil va novdaning o‘sish kuchini, shuningdek ekologik va agrotexnik sharoitini hisobga olgan holda belgilanadi. Masalan, sug‘oriladigan yerlarda yetishtiriladigan kishmishbop navlarda har ikkita hosildor novdaga bir-ikkita hosilsiz novda qoldirish kerak. Lalmi tokzorlarda qish va bahor davridagi yog‘ingarchilikni hisobga olgan holda homtok qilinadi. Bir vaqtning o‘zida olinadigan hosil miqdori normallashtiriladi va har bir hosildor novdaga bitta hosil qilmaydigan novda qoldiriladi. Yog‘ingarchilik kam bo‘lgan yillarda tokning juda kuchsizlanib ketishining oldini olish maqsadida sho‘rali novdalarning uchdan bir qismini olib tashlash kerak.
Texnik navlarning ko‘pchiligida hosilsiz novdalar oz qoldiriladi, chunki ularda ko‘p miqdorda sho‘ralar yashil novdalar rivojlanadi.
Tuproqqa ishlov berish. Tokning bir meyorda o‘sishi va hosil berishi uchun tuproqda bahor-yoz va kuzda ishlov berish zarur (suv-havo rejimini yaxshilash, begona o‘tlarni yuqotish va toklarni qishki sovuqlardan himoyalash uchun). Tuproqqa kuzda 25–30 sm chuqurlikda ishlov berish bahorga kelib tuproqda ko‘p miqdorda nam to‘planishiga, begona o‘tlarning yo‘qolishiga yordam beradi.
Agar tokzorga kuzda ishlov berilmagan bo‘lsa, bahorda toklarni mexanizatsiya usulida chala ochish bilan bir vaqtda yer haydaladi. Toklar ochilgandan keyin qator oralaridagi tuproqni tekislash uchun kultivatsiya qilinadi yoki boronalanadi.
O‘sish davri davomida tuproqda begona o‘tlarni yuqotishda va tuproqda namni saqlab turish uchun qator oralari 10–12 sm chuqurlikda 3–4 marotaba kultivatsiya qilinadi. Har bir sug‘orishdan keyin hamda lalmi tokzorlarda esa mo‘l yoqqan har bir yomg‘irdan so‘ng kultivatsiya qilish kerak.
Bahor-yoz davomida yumshoq qatlam hosil qilish va begona o‘tlarni yuqotish uchun NYu-18 plugi o‘rnatilgan moslama bilan tok tupi atrofidagi tuproqqa ishlov beriladi.
Hozirgi vaqtgacha toklarning bir qismi yer bag‘irlatib o‘stiriladi, bunday tokzorlarda bahorda tuproq chopiladi, yozgi sug‘orishlardan keyin yumshatiladi.
Mexanizmlarning ko‘p karra o‘tishi va sug‘orish natijasida tok qator oralari tuprog‘i kuchli zichlanadi, bu tok tuplarining o‘sishi va hosildorligiga salbiy ta’sir etadi.
MPV mashinalarida o‘g‘it solish bilan bir vaqtda har bir qator orasida tuproqni uch iz bo‘ylab har yili yumshatish kerak, chunki bu holda yon yumshatgichlar tuproqqa 35–40 sm chuqurlikda botadi va ildiz sistemasini uncha shikastlamaydi, markaziy yumshatgich esa 55–60 sm chuqurlikga botadi. Agar ish 55 sm chuqurlikda uch iz bo‘ylab yumshatadigan MPV mashinasi bilan bajariladigan bo‘lsa, bu holda qator oralatib yumshatish kerak.
Shunday yumshatishda tuproqning suv havo rejimi yaxshilanib, ildiz tizimi yaxshi o‘sadi. Natijada hosildorlik 35–40% oshadi.
Lalmi tokzorlarda tuproq bahorda chuqur yumshatiladi, keyin o‘sish davri davomida 18–20 sm chuqurlikda yumshatib turiladi. Tokni parvarish qilish ishlari davomida 18–20 sm chuqurlikda yumshatib turiladi. Tokni parvarish qilish ishlari MPV, NYu-18, UOM-50, pnevmatik tok ochkichlar bilan bajariladi.
MPV, NYu-18 mashinalari bilan sug‘orish egatlari ochiladi, qator oralari kultivatsiya qilinadi va yoppasiga yumshatiladi.
MPV mashinasiga o‘rnatiladigan NYu-18 moslamasi yordamida toklar chala ochiladi va qatorlardagi tok tuplari atrofidagi tuproqga ishlov beriladi.
T-54V, MTZ-80 yoki MTZ-82 traktorlariga o‘rnatiladigan pnevmatik tok ochgichlar bilan tok to‘la ochiladi.
Sug‘orish. Respublikamizda tokzorlarni egatlab sug‘orish keng tarqalgan. O‘q ariqlardan suv tok qator oralarida ochilgan egatlarga oqadi. Egatlarning chuqurligi 18–20 sm, uzunligi 100 m. dan 300 m. gacha, mexanik tarkibi bo‘yicha yengil tuproqlarda egatlar uzunligi og‘ir tuproqlardagiga nisbatan qisqaroq bo‘lishi kerak.
Sug‘orish egatlari orasidagi masofa tokzor tuprog‘i va tok qator oralari kengligiga bog‘liq. Suv o‘tkazuvchanligi o‘rtacha va mexanik tarkibi bo‘yicha og‘ir tuproqlarda tok qatoridan 0,5–0,6 m masofada ochilgan ikkita sug‘orish egati kifoya.
Sug‘orishda navning o‘ziga xos xususiyatlari va tuproq-iqlim sharoitini hisobga olish zarur. Tokning yaxshi o‘sishi va hosil qilishi uchun tuproqning namligi dala suv sig‘imidan 70 foizdan kam bo‘lmasligi eng qulaydir.
Tokning suvga extiyoji rivojlanishining turli fazalarida bir xil emas. Shuning uchun vegetatsiyaning birinchi davrida tuproq namligini dala suv sig‘imidan 70–80%, ikkinchi davrida esa 60–65% darajadasida saqlab turish kerak.
O‘sish davomida hosildor tokzorlarni og‘ir tuproqlarda 2–4 marotaba, suvni tutib qolish qobiliyati past tuproqlarda (qumli, toshloq) 7–9 marotaba sug‘orish kerak. Sizot suvlari yuza joylashgan tuproqlarda sug‘orishlarni tuproq namligiga ko‘ra o‘tqazish kerak. Sug‘orishni boshlash va ularning miqdori ham tuproq namligiga ko‘ra belgilanadi. Birinchi o‘sish davrida sug‘orish muddati tuproq, ob-havo, shuningdek, qishki suv berishga bog‘liq bo‘lib, may-iyun oyida o‘tkazilishi mumkin.
Og‘ir soz tuproqlarda o‘sish davrida bitta sug‘orish gektariga 700–800 m³, yengil qumoq, shuningdek, toshloq tuproqlarda 400–500 m³ tashkil etadi.
Kuz-qish davrida gektariga 1200–1500 m³ hisobidan zaxira suv beriladi, bunda tuproq 1,5–2 m chuqurlikkacha namlanishi kerak. Bunday miqdorda 2–3 marotaba sug‘orishdan keyin tuproqda ko‘p miqdorda suv zaxirasi to‘planadi. Bu sug‘orishlar o‘simlikni o‘sish davrining birinchi yarmida nam bilan ta’minlaydi. Bu holda o‘sish davrida sug‘orishlar sonini bittaga qiskartirish mumkin.
Bahorgi yomg‘irlardan, shuningdek, har bir o‘sish davrida sug‘orishdan keyin tuproqning yetilishiga qarab namni saqlab qolish maqsadida tok qator oralarini o‘z vaqtida va yuqori agrotexnika darajada yumshatish zarur.
Tok novdalarining o‘z vaqtida yetilishi, o‘simliklarning qishga tayyorlanishi va hosilning pishishi uchun sug‘orishni shimoliy tumanlarda sentyabr boshida, janubiy tumanlarda sentyabr o‘rtalarida to‘xtatish kerak.
Yog‘ingarchilik 600 mm. dan kam bo‘lmaydigan tog‘-tog‘oldi mintaqasida tok sug‘ormasdan o‘stiriladi.
Lalmi va shartli sug‘oriladigan tokzorlarda yomg‘ir suvlarini to‘plash uchun yomg‘irdan keyin kuzda yer chuqur haydaladi va yumshatiladi. Tuproqni o‘z vaqtida va sifatli yumshatish namning saqlanib qolishiga, sug‘orilmaydigan tokning yaxshi o‘sishi va hosil qilishiga yordam beradi.
Ba’zi tog‘oldi-tog‘li tumanlarda, imkoniyat bo‘lsa, tokni hech bo‘lmaganda bir marotaba sug‘orish zarur. Bu uning o‘sishi va hosil qilishini ancha yaxshilaydi.
Tuproq ichidan va tomchilab sug‘orish usuli istiqbollidir. Bunday sug‘orishda suv tejaladi, yozgi ishlov berishlar istisno etiladi, hosildorlik 40 foizga oshadi. Nishab yerlarda tomchilatib sug‘orish samaralidir, bu boshqa ekinlar yetishtirish uchun yaroqsiz yerlarni qishloq xo‘jalik oborotiga kiritish imkonini beradi, tuproq eroziyasini pasaytiradi, shuningdek egatlab sug‘orishga nisbatan suvni 40–50 foizga tejaydi.
O‘g‘itlash. Tokchilikda o‘g‘itlarni qo‘llash samaradorligi ko‘pgina omillar bilan belgilanadi, ular ichida tuproqning tabiiy unumdorligi, uning namlanganligi, umumiy tok o‘stirish madaniyati va toklarning tuproqdan ozuqa moddalarini iste’mol qilish qobiliyati kabilar muhim o‘rin egallaydi.
Hosil va tokning vegetativ massasi bilan tuproqdan ancha ozuqa moddalarining olib chiqilishi tuproqning tabiiy unumdorligini yaxshilash va uni kerakli darajada saqlab turishni talab qiladi.
Qo‘riq va qayta tiklangan yerlarda (ayniqsa yerlarni kapital tekislashda tuproq qatlami ancha chuqurlikda olib tashlangan hollarda) yangi tokzorlar barpo etishdan oldin tuproq unumdorligini ko‘p miqdorda organik o‘g‘itlar (40 tonnagacha) solish qo‘shimcha ravishda tegishli miqdorda mineral o‘g‘itlar solib, 1–2 yil davomida oraliq ekinlar yetishtirish yo‘li bilan yaxshilash talab etiladi.
Yaxshi tekislangan, organik moddalar bilan boyitilgan, ko‘p yillik begona o‘tlardan tozalangan maydonlarda tok o‘tqazishdan 2–3 oy oldin yer chuqur haydaladi.
Tok o‘stirish uchun sug‘oriladigan almashlab ekilgan yerlarni o‘zlashtirishda chuqur haydashdan oldin mineral o‘g‘itlarning asosiy miqdorini gektariga (120 kg azot, 90 kg fosfor va 30 kg kaliy) organik o‘g‘itlar gektariga 5 dan 20 tonnagacha qo‘shib solish mumkin.
Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishida organik o‘g‘itlarning (ayniqsa go‘ng) katta samaradorligini hisobga olib, tokchilikda bu o‘g‘itlardan tejab va maqsadga muvofiq foydalanish zurar. Buning uchun go‘ng o‘rnida tarkibida chirigan organik moddalar bor chiqindilardan (uzum to‘poni, o‘simlik qoldiqlari) keng foydalanish kerak. Ularga fosfor, kaliy, mikroelementlardan (kul, suyak, sanoat chiqindilari) iborat mineral moddalar qo‘shiladi.
Bunday organik moddalarni solish normasi go‘ng solish normasiga nisbatan 2–3 marotaba yuqori bo‘lishi kerak.
Uzumdan mo‘l hosil olinadigan tokzorlarda xar 3–4 yilda gektariga 20–40 t miqdorida organik o‘g‘itlar solib turish zarur. Bunda o‘g‘it tok tuplari qishga ko‘milgandan keyin yerni 25–35 sm chuqurlikda haydab, go‘ng sochgich bilan solinadi. Organik va mineral o‘g‘itlarni chuqur kovlagich bilan qaziladigan 60×60 sm. li chuqurlarga solish juda samaralidir. Bunda har bir chuqurga 20–30 kg. dan o‘g‘it solinadi.
Tok o‘tkazilgan dastlabki ikki yilida ildiz sistemasi kuchsiz rivojlangan bo‘lib, tuproqda uncha chuqur joylashmaydi va ekishdan oldin tuproqning unumdorligini yaxshilash suv havo rejimi qulayligida o‘simliklarning mineral o‘g‘itlar bilan yetarlicha oziqlanishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga tok qator oralarida poliz va sabzavot ekinlarini ular uchun qabul qilingan o‘g‘itlash va sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha yetishtirishda ham tokzorlarda qulay suv ozuqa rejimi yaratiladi.
Sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda o‘stiriladigan hosildorligi gektaridan 200–250 ts. li tokzorlarda mineral o‘g‘itlarning asosiy me’yori 120 kg azot, 90 kg fosfor va 30 kg kaliy (ta’sir etuvchi modda)ni tashkil etadi.
Hosildorligi yanada yuqori bo‘lgan, shuningdek, unumsiz tuproqlarda (qumloq, toshloq) o‘stiriladigan tokzorlarda fosfor va kaliy me’yorini gektariga 90–120 kg. gacha oshirish mumkin.
Tok novdalari yaxshi o‘smaganda yoki tupda ko‘p hosilli novda va sho‘ralar rivojlanib, hosil mo‘l bo‘lgan yillarda, yoki fiziologik aktiv moddalar (gibberellin, TUR) qo‘llanilganda, toklarni birinchi marotaba may oyida, ikkinchi marotaba 10–15 kundan keyin gektariga 60 kg azot, 45 kg fosfor va 15 kg kaliy bilan qo‘shimcha mineral oziqlantirish talab etiladi.
Sug‘orilmaydigan yerlardagi tokzorlarda tuproqda yetarlicha nam to‘planganda (kech kuz va bahorda) organik o‘g‘itlar aralashmasini solish kerak, bu o‘g‘itlarning o‘simlik ildizlariga yaxshi yetib borishini ta’minlaydi. Bunday sharoitda o‘g‘itlarni chuqurchalarga solish ayniqsa samaralidir. O‘rtacha qumoq tuproqlarda gektariga 3 t go‘ngni mineral o‘g‘itlar gektariga 60 kg. dan azot va fosfor va 15 kg kaliy bilan 30–40 sm chuqurlikka solish zarur. Og‘ir qumoq tuproqlarda 1 t go‘ng bilan 30–40 sm chuqurlikka solish lozim. Og‘ir qumoq tuproqlarda 1 t go‘ng gektariga 120 kg azot, 90 kg fosfor va 30 kg kaliy bilan qushib 40–50 sm chuqurlikka solinadi.
Kompleks mineral o‘g‘itlar (ammofos, nitrofos va boshqalar) oddiy o‘g‘itlarga nisbatan bir qator agrokimyoviy iqtisodiy afzalliklarga ega.
Oziqa elementlari bo‘yicha ularning solish miqdori oddiy o‘g‘itlar uchun tavsiya etilgan solish miqdori bilan bir xil. Shuning uchun oziqa elementlari tarkibini ko‘paytirish uchun kompleks va oddiy o‘g‘itlardan birgalikda foydalanish kerak. Masalan, sug‘oriladigan hosildor tokzorlarda har yili bahorda toklar ochilgandan keyin gektariga 225 kg ammosof bilan birga 225 kg ammiakli selitra va 250 kg kaliy tuzlari yoki 455 kg nitrofos hisobidan mineral o‘g‘itlar solinadi.
Toklarga gullashdan ikki hafta oldin ventilyatorli purkagichlar bilan ishlov beriladi. TUR ta’sirida hosildorlik 40% ga oshadi.
Uzum boshining o‘rtacha og‘irligi yaxshi meva tugishi hisobiga 1,5–2 marotaba ortadi. Urug‘siz navlarga TUR preparatining 1 foizli eritmasi bilan gullashidan 2 hafta oldin ishlov berish maqsadga muvofiqdir, keyin to‘pgullarga giberellin eritmasi purkaladi.
Tokzorlarni qayta tiklash. Tokzorlarni qayta tiklash sanoat tokzorlarini kengaytirish maqsadida hosildor tokni ko‘chirib o‘tkazish, kompleks mexanizatsiya va ilg‘or texnologiyani qo‘llanish imkoniyatini yaratish, tuplarga shakl berish va qator oralari kengligini o‘zgartirish, kam hosilli navlarni istiqbolli navlar bilan almashtirish, suv ta’minotini yaxshilash uchun qatorlar yo‘nalishini o‘zgartirishni ko‘zda tutadi.
Tokzorlarni qayta tiklashdan oldin yerlarni o‘lchab, s’yomka qilish, asosiy tekislash, agromeliorativ ishlarni o‘tkazish, tuproqni chuqur haydash va unumdorligini tiklash, maydonni tashkil etish rejalarini tuzish kerak. Ko‘chirib o‘tqazish uchun zarur bo‘ladigan rayonlashtirilgan nav ko‘chatlariga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi.
Tokzorlarni qayta tiklash va nav tarkibini tartibga solishda respublikada uzumchilik strukturasini tubdan qayta qurish va navlari nisbatini xo‘raki hamda mayizbop navlar foydasiga o‘zgartirishni ko‘zda tutish kerak.
Shu bilan birga respublikada yalpi uzum hosilini kamaytirmaslik uchun bu ishlarni reja asosida yilma-yil amalga oshirish va yaxshi agrotexnik parvarishlash hisobiga eski tokzorlardan yuqori hosil olish lozim.
Hosilni yig‘ishtirish va tashish. Uzum hosilini o‘z vaqtida va to‘g‘ri yig‘ishtirib olish uchun hosilni yig‘ishtirish rejasini tuzish kerak. Reja o‘z ichiga olinadigan hosil miqdorini oldindan aniqlash, meva saqlagich idishlari, zarur bo‘ladigan transport vositalari, quritish maydonchalari. Mahsulotni qishda saqlash uchun omborlar tayyorlash va shu kabi bir qator ishlab chiqarish texnologik ishlarni oladi.
Hosilni yig‘ishtirib olish vaqti uning pishganligi yoki ma’lum bir mahsulot ishlab chiqarish uzumning qandliligi va kislotaliligi bu maqsad uchun yaroqliligi bilan belgilanadi. Kishmish navlar qandliligi 24–25 foizligida, mayizbop navlar 22–23 foizligida uzib olinadi. Oq musallas ishlab chiqarish uchun uzum qandliligi 17–18%, qizil musallas uchun 18–20 foizligida, xo‘raki navlar tarkibida qand miqdori 16–17% va undan yuqoriligida yig‘ishtirib olinadi.
Uzum quritish yoki joylarga yuborish uchun mo‘ljallangan tokzorlarni sug‘orish hosil yig‘ishtirib olishdan 2–3 hafta oldin to‘xtatilishi kerak.
Uzumni havo quruq vaqtda uzish kerak. Xo‘raki navlar tanlab, faqat pishgan uzum boshlarigina uziladi. Uzum boshlari o‘tkir bog‘ qaychi yoki maxsus qaychilar bilan kesiladi, bunda uzum boshini bandidan ushlab turish kerak. Zararlangan yoki shikastlangan mevalar alohida joylanadi. Uzilgan uzum boshlari yashiklarga yoki siqimi 10–12 kg. li savatlarga joylanadi. Navlarni aralashtirib yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Uzumni qatorning o‘rtasidan boshlab uzish va qatorning ikki tomonidagi yo‘lga olib chiqish kerak.
Uzum maxsus shiypon yoki joyida yashiklarga joylanadi. Uzumni yashiklarga joylashtirishda bandlari pastga qaratib qo‘yiladi, yashikda bo‘sh joylar bo‘lmasligi kerak, bunday joylarga massasi 150 g. dan kam bo‘lgan uzum boshlari joylanadi.
Uzumni poyezdlarda yoki samolyotda jo‘natishda yashik qopqog‘ining ikkita chetki taxtachalari qoqilgan bo‘lishi kerak. Yashiklarni taxlashda bu taxtachalar reyka qistirmalar uchun tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
Uzum quritish uchun sig‘imi ko‘pi bilan 20 kg. li yashiklarga yig‘iladi va quritish punktiga tashiladi, u yerda saralanadi va brakka chiqariladi. Ezilgan va yaxshi pishmagan yirik uzum boshlari g‘ujumlariga bo‘linadi va keyingi jarayonga uzatiladi.
Tokzorlarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish. Yurtimiz sharoitida tok o‘simligiga asosan zararkunandalardan uzumxo‘r qurt, un g‘uborli tok qurti tog‘oldi mintaqalarda kravchik qo‘ng‘izi, kasalliklardan oidium, antraknoz, bakterial rak va qisman xloroz kasalligi jiddiy zarar keltiradi.
Uzumxo‘r qurti (uzum kuyasi, shingil qurti). Zararkunanda uzum to‘pguli, tuguncha, g‘o‘ra va yetiib kelayotgan g‘ujum bilan oziqlanadi. Bunda tok hosilining yarmidan ko‘prog‘i chirib ketadi saqlashga va bozorga olib borishga yaramaydi. Bizning sharoitda shingil qurti mavsumda to‘rt avlodda rivojlanadi. Ko‘klamda kapalaklar tok sho‘rasida to‘pgullar shakllanganda uchadi va g‘unchalarga tuxum qo‘yadi.
Ikkinchi avlod kapalaklari uchishi tok gullagandan 17–20 kun o‘tgach boshlanadi. Uchinchi avlodni beruvchi kapalaklar iyulning ikkinchi o‘n kunligida uchib chiqib tuxum qo‘ya boshlaydi. Muddatlarni aniqlashda feromonli tuzoqlardan ham foydalansa bo‘ladi.
Kurash choralari. Uzumxo‘r qurtining zararini kamaytirish uchun sho‘ra homtok, g‘o‘ra homtoklar o‘z vaqtida va sifatli o‘tqazilishi novdalar chekanka qilinib barglar siyraklashtirilishi kerak.
Bunga qo‘shimcha 2–3 marotaba purkash o‘tkazilishi, birinchi purkash, Qora kishmish, Pushti Toyfi navlari 4–5 ta chinbarg chiqarganda, ikkinchisi tok gullagandan 17–20 kun keyin, zarurat bo‘lsa uchinchisi ikkinchisidan 7–10 kun o‘tgach bajarilishi lozim. Toklarni Benzofosfat, Zolon yoki Karbofos bilan (100 l suvga 300 g) yoki olma qurtiga qarshi tavsiya etilgan preparatlardan birini qo‘llab purkash samaralidir. Bir yo‘la kul kasalligini davolash maqsadida ish suyuqligiga kolloidli yoki ho‘llanuvchi oltingugurt qo‘shib purkaladi (100 l suvga 0,8–1 kg). Vektra, Topaz preparatlarini qo‘shsa ham bo‘ladi. Tomorqa sharoitida tamaki qaynatmasidan foydalansa ham bo‘ladi.
Un g‘uborli tok qurti tok shirasini surib, uning barcha a’zolarini zararlaydi. Shikastlangan tok barglari sarg‘ayib, to‘kilib ketadi, uzum boshlari esa qurib qoladi. Oqibatda hosil sezilarli darajada kamayib ketadi. g‘ujumlari bemaza bo‘lib yetiladi, ustilari qurtning shirali chiqindisi bilan bulg‘anadi.
Kurash choralari. Agar uzumxo‘r qurtiga qarshi kurash o‘tqazilgan bo‘lsa, un g‘uborli tok qurtiga qarshi bahor, yoz oylarida maxsus purkash o‘tqazmasa, ham bo‘ladi. Kurash choralarini amalga oshirish zarurati tug‘ilsa, kuzda yoki erta bahorda kurtaklar bo‘rtish oldidan tok tuplari 0,2 foizli Danitol (10 l suvga 20 g) bilan jiqqa ho‘llab purkaladi. Zolon yoki Karbofos (10 l suvga 30 g) yoki tamaki qaynatmasidan ham foydalansa bo‘ladi.
Kravchik (Xumbosh). Bu qo‘ng‘iz sersuv o‘simliklar, shu jumladan tokning ko‘klamgi barra novdalari bilan oziqlanadi. Bitta qo‘ng‘iz 4 tadan 12 tagacha ko‘k novdani qirqib tashlaydi. Tog‘li va tog‘oldi tokchilik mintakalarida zararkunanda ancha tarqalgan Kravchikning zararlik davri 15–20 kun bo‘lgan bahorgi turi tok tupi uchun eng xavfli hisoblanadi. U keng tarqalgan joylarda hosildorlik 60–70 foizgacha pasayib ketishi mumkin.
Kurash choralari. Erta bahorda tok novdalari o‘z vaqtida ko‘tarib bog‘lanadi. Qo‘ng‘iz inlarini buzib tashlash maqsadida MPV-1 (tokzorlar tuprog‘iga ishlov beruvchi bir qatorli mashina) yoki boshqa mexanizmlar yordamida tuplar oralig‘i tuprog‘iga ishlov beriladi. Yer bag‘irlatib o‘stirilgan tokzorlar va so‘riga ko‘tarilmagan yosh tokzorlar atrofidagi maydon dorilanadi. Bu ish dastlabki qo‘ngizlar qishlov joylaridan chiqqandan 3–4 kun o‘tgach (10 m² maydonda 2–3 ta topilganda) bajariladi.
Preparatlardan tok mevaxo‘ri va olma qurtiga qarshi tavsiya etilganlari qo‘llaniladi. Benzofosfat kukuni 1 gektarga 3–4 kg hisobidan oltingugurtga qo‘shib changlatilsa ham bo‘ladi.
Tokning oidium (un shudring, kul, sho‘ra) kasalligi respublikamiz sharoitida keng tarqalgan. Toklar bu kasallikdan himoya qilinmasa, hosili 60–80 foizgacha yoki butunlay nobud bo‘lishi mumkin. Zamburug‘li bu kasallik tokning hamma yashil qismlarini to‘pgul, gultoj va uzum g‘ujumi, uzum bandlari, novda, barglarni ham zararlaydi. U bilan kasallangan uzum donalari maydaligicha qoladi, shaklini yo‘qotib yorilib ketadi.
Novdalari rivojlanmaydi va yaxshi yetilmaydi. Natijada kelgusi yil hosili щam keskin kamayadi. Shuning uchun fermerlik xo‘jaligi va tomorqa sharoitida homtoklar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilmasa ishkom va so‘rilarda toklar qalinlashib ketsa, uzumlar yoriladi va chirib ketadi.
Kasallikga ayniqsa qimmatbaho navlar – Xusayni, Kattaqo‘rg‘on, Qora kishmish, Pushti toyfi, Go‘zal qora navlari ko‘proq chalinadi. Vinobop navlardan Xindogni, Rkatsiteli, Gulja uzumi ko‘proq zararlanadi.
Kasallikning oldini olish va himoya choralari. Mavsumda sho‘ra homtok, g‘o‘ra homtok va uzumzorlarga suv yugurgan davrda, chilla chiqqandan so‘ng novdalarni qiskartirish ortiqcha barglarni olib tashlash zarur. Homtoklardan keyin novdalarni yaxshi shamollaydigan va yorug‘lik bemalol tushadigan qilib tarash kerak.
Agrotexnik tadbirlar o‘tkazish bilan bir qatorda toklarga to‘yilgan oltingugurt bilan ishlov berish yaxshi samara beradi.
Toklarda birinchi marotaba erta bahorda novdalar bog‘lanib, 3–4 tadan chinbarg hosil bo‘lganda, 8–10 kundan keyin – ikkinchi marotaba, tok gullab bo‘lgandan keyin 2 hafta o‘tgach, uchinchi marotaba oltingugurt changlatiladi. Uzumzorlarni yoshiga va qalinligiga qarab gektariga 20 kg dan 35–40 kg gacha oltingugurt sarflanadi. Oltingugurt kukuni bo‘lmasa 1 foizli ho‘llanuvchi oltingugurt purkaladi (100 l suvga 1 kg). Topaz (100 l suvga 50 g) yoki Vektra (100 l suvga 30 g) preparatlarini ham qo‘llasa bo‘ladi.
Tomorqa sharoitida oltingugurt tokning qalinligiga qarab 10 m² 60–100 g sarflanadi. Suvda eriydigani 10 l suvga 100 g solinadi, novda va barglar o‘ta ho‘l bo‘lgunicha purkaladi. Tomorqada kaliy permanganatini (margansovka) ham qo‘llasa bo‘ladi. (10 l suvda 5–6 g eritiladi) 6–7 kun oralatib 2–3 marotaba purkaladi.
Dog‘li antraknoz (qorason, chechak). Bu zamburug‘li kasallik tokning barcha yashil a’zolarini zararlaydi. Barglarda qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi, novdaning po‘sti va o‘zi yoriladi, qiyshayadi, mo‘rtlashadi, butunlay qurib qolishi ham mumkin. Uzum shakli buziladi va yorilib ketadi. Bu kasallik ko‘klam oylari seryog‘in kelganda juda ham rivojlanadi.
Kurash choralari. Kasallikka qarshi kurashda agrotexnik choralar profilaktik xarakterga ega. Kaliy o‘g‘itini ko‘proq berish kerak, shunda o‘simlikning kasallikka chidamliligi oshadi. Kuzda tok kesishda zararlangan novdalar yokib yuboriladi. Qator oralari tuproq qatlamini ag‘darib chuqur haydash, zarur begona o‘tlar bosishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Antraknoz bilan zararlangan tokzorlar, kuzda ko‘mishdan oldin 3 foizli Bordo suyuqligi (100 l suvga 3 kg mis kuporosi + 3 kg ohak) bilan barcha zang va novdalari yuvish darajasida purkaladi. 5° li ohak-oltingugurt qaynatmasi ham samaralidir. Bahorda, o‘tgan mavsumda zararlangan tokzorlar kurtak chiqarishi bilanoq 1 foizli Bordo suyuqligi (100 l suvga 1 kg mis kuporosi va 1 kg ohak) bilan purkaladi. Bu davrda ohak oltingugurt qaynatmasini (ISO) 1 gradusligini qo‘llasa ham bo‘ladi. Topsin (100 l suvga 100 g) yoki Vektra (100 l suvga 30 g) preparatlari ham samaralidir. 10–12 kun o‘tgach tokzorlar qayta purkaladi. Tomorqada ham kurtak yozila boshlaganda 1 foizli Bordo suyuqligi sepiladi (10 l suvga 100 g mis kuporosi + 100 g ohak) 7–10 kun o‘tgach takrorlanadi.
Bakterial rak (buqoq). Kasallikni keltirib chiqaruvchi bakteriyalar tokning zanglarida va ildizga yaqin qismida yug‘onligi 10–15 sm. gacha bo‘lgan rak shishlarini keltirib chiqaradi. Tokning rivojlanishi susayadi, ayrim zang va novdalarni ba’zan tok tupining o‘zini ham quritadi. Kuzda yaxshi yopilmagan va sovuqlardan shikastlangan tokzorlar rak kasaliga ko‘proq chalinadi.
Kurash choralari. Bu kasallik odatda zararlangan toklardan tayyorlangan ko‘chatlar orqali tarqaladi. Shuning uchun qalamchalar nihoyatda sog‘lom tuplardan olinishi kerak.
Zararlangan novda va zanglar tokzordan olib chiqib tashlanadi va yoqib yuboriladi. Bordo suyuqligi va ohak-oltingugurt qaynatmasi antraknoz kasalligiga qarshi qanday qo‘llansa, rak kasalligiga qarshi ham shunday purkash sifati yuqori bo‘lishi kerak.
Xloroz (tok barglarini sarg‘ayishi). Bu kasallikga chalingan tokzorlarda novdalar o‘sishdan to‘xtaydi, to‘pgullar sarg‘ayib to‘kilib ketadi, barglar rangini yo‘qotadi va qurib qoladi.
Xlorozga qarshi tok yoshini hisobga olgan holda bir tupga 0,3–1 kg hisobida temir kuporosi ishlatiladi. Preparat kuzda 25–30 sm chuqurlikda qazilgan tup atrofidagi ariqlarga solinib, ustiga tuproq tashlanadi va sug‘oriladi. Sernam yerlar tuprog‘i yumshatiladi va nami qochiriladi.

R.Abdullayev