(+998 78) 129-59-59

Toshkentda Agro Food Forum-2017 xalqaro anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 1 aprel kuni poytaxtimizdagi «Zarqaynar» O‘zbek liboslari galereyasida «Agro Food Forum-2017» Xalqaro anjumani bo‘lib o‘tadi. Forum «Meva va  sabzavotlarni qayta ishlash texnologiyalari va oziq-ovqat xavfsizligi» mavzusida o‘tkaziladi.  
Forum ishtirokchilari meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash sifatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni tanlash, o‘rnatish va ishlatish bo‘yicha tajriba almashishadi, mahsulot sifatini va eksport hajmini oshirish usullari bilan tanishishadi. Shuningdek, anjumanda oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Toshkent anjumanida butun dunyoga mashhur FAM (Belgiya), OCTOFROST (Shvetsiya), Cabinplant (Daniya), OMIP (Italiya), Visser (Gollandiya), TOMRA (Belgiya) kabi o‘ndan ortiq yetakchi kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda. Meva va sabzavotlarni qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, kichik va o‘rta biznes vakillari, biznes-maslahatchilar va sohaning boshqa mutaxassislari anjuman doirasida o‘z ish tajribalari bilan almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 
Forum  ishtirokchilari va mehmonlarining soni oshib borayotgani uning oziq-ovqat sanoatidagi nufuzi oshib borayotgani, muhokama etilayotgan mavzular o‘ta dolzarbligi hamda anjumanlarni ochiq muloqotlar tarzida o‘tkazish lozimligidan dalolat beradi.
Anjuman tashkilotchisi «GENERAL MACHINERY GROUP» (GMG)  kompaniyasi Markaziy Osiyoda faoliyat olib borayotgan korxonalarga meva va sabzavotlarni qayta ishlash texnologiyalarini yetkazib beruvchi yirik kompaniyalar ichida yetakchilik qilib kelmoqda. Kompaniya birinchi navbatda hamkorlarining salohiyatini o‘rganib, yangi texnologiyalarni o‘rnatish bo‘yicha loyihalashtirish ishlarini olib boradi. Undan so‘ng uskunalarni yetkazib berish, ularni o‘rnatish, sozlash, foydalanish, xodimlarni o‘rgatish va albatta, servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qiladi. 
Shu yildan boshlab GMG kompaniyasi o‘z hamkorlariga ularning mahsulotlarini eksport qilishda, chel elda xaridorlar izlab topishda yordam berish hamda hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida maslahatlar berish bo‘yicha faoliyat olib boradi. 
“Forum tashkilotchilari barcha xohlovchilarni  Agro Food Forum-2017da ishtirok etish va tajriba almashishga takdif etadi, - deydi General Machinery Group kompaniyasi direktori Furqat Bahromov. - Tajribali xodimlarimiz va malakali maslahatchilar barcha qiziqtirgan savollarga javob berib, forum ishtirokchilarining biznesini shakllanishi va rivojlanishiga yordam berishdan mamnun ekanligini bildiradi”.


Manba: www.gmgtrade.com