(+998 78) 129-59-59

«O‘zekspomarkaz»da oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan «WorldFood Uzbekistan – 2017» va «AgroWorld Uzbekistan – 2017» xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.

Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, Fermerlar kengashi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, «ITE Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. 2016-yili poytaxtimizda o‘tkazilgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida bu borada ko‘plab istiqbolli shartnomalar imzolangan. 

Ko‘rgazmalarda Avstriya, AQSh, Belgiya, Belarus, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Rossiya, Slovakiya, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Shveytsariya, Shvetsiya, Qozog‘iston, Hindiston kabi 30 dan ortiq mamlakatdan 232 kompaniya, shuningdek, qator davlatlarning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasiga mas’ul vazirlik va idoralari rahbar va vakillari ishtirok etmoqda. 
Latviya qishloq xo‘jaligi vaziri Yanis Duklavs O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlar qatori qishloq xo‘jaligi sohasida ham izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.
– O‘zbekiston bilan kishloq xo‘jaligi sohasida sertifikatlashtirish, ta’lim berish va chorvachilik kabi yo‘nalishlarda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirib kelmoqdamiz, – deydi Ya.Duklavs. – «WorldFood Uzbekistan» va «AgroWorld Uzbekistan» ko‘rgazmalari O‘zbekiston tadbirkorlari uchun ham, Latviya iste’molchilari uchun ham juda foydali bo‘lib, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish, yangi shartnomalar tuzish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash imkonini bermoqda. O‘zbekistonning meva-sabzavotlari xushta’mligi bilan bizga doimo juda manzur bo‘lib keladi. Ular Latviyada juda xaridorgir. Ayniqsa, mamlakatingizda yetishtirilayotgan xushbo‘y va shifobaxsh limonlarning Latviya bozorlarida keng o‘rin egallashini istaymiz. 
«WorldFood Uzbekistan» va «AgroWorld Uzbekistan» ko‘rgazmalari oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, ingrediyentlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, uskunalar va texnologiyalar, parrandachilik, chorvachilik, veterinariyaga oid ko‘plab bo‘limlar ishlab turibdi.


Manba: www.uza.uz