(+998 71) 255-52-23

Qandolatchilik sanoati

1. Iris

2. Har xil turdagi shinnili va shinnisiz konfetlar

3. Turli xildagi konfetlar

4. Shokoladli batonlar

5. Plitkali shokoladlar

6. Vafli qatlamali konvetlar

7. «Птиче молоко»

8. «Трюфели»

9. Marmelad

10. Shakarli marmeladli pechene

11. Uzun hajmli pechene

12. Vafli va vaflili tortlar

13. Zefir

14. Karamel

15. Qand, shakar

16. Xamirturush

 

Qandolat mahsulotlari to’g’risida ma’lumot

Qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishda shakar, sut, tuxum, asal, meva va sabzavotlar hamda xushbuy modda­lar va bo’yoq kabi turli xom ashyo ishlatiladi. Asosiy turdagi qandolat mahsulotlari tarkibida qand ko’p, suv kam bo’ladi, shu sababli u xushxo’r va yuqori kaloriyali bo’lib, yoqimli ta’m va xushbuy hidga ega bo’ladi. Qandolat mahsulotlari qo’yidagi guruhlarga bo’linadi: meva va rezavormeva mahsulotlari, shokolad va kakao kukuni, karamel mahsulotlari, konfetlar, iris, xamirturush, undan tayyorlangan qandolat mahsulotlari, xolva, sharq shirinliklari, parxez va vitaminlashtirilgan qandolat mahsulotlari.

Meva va rezavormeva mahsulotlar. Bu guruhga marme­lad, pastila, murabbo, jem, povidlo va boshqa shirinliklar kiradi.

Marmelad meva va rezavormeva hamda jeleli qilib ishlab chiqariladi. Meva va rezavormeva marmelad olma marmeladi va pat marmeladi tarzida ishlab chiqariladi. SHakldor marmeladlar har xil buyumlar shaklida ishlab chiqariladi, ba’zan unga mevalar pyuresi qo’shiladi. Sarxil, yangi marmeladning sirti yupqa kristall po’stli yoki bir tekisda shakar yoxud qand talqoni sepilgan bo’ladi. Marme­ladning tarkibidagi umumiy qand 60—89 foiz, namligi turiga qarab 10—33 foizni tashkil etadi.

Pastila meva va rezavormeva pyuresini tuxum oqsili, shakar, patoka hamda har xil xushbuy ta’m va bo’yoq moddalar bilan aralashtirishdan hosil bo’ladigan mahsulotdir. Pastilaning ta’mi va hidi o’z turiga xos: bir xil rangli (oq, oq-pushti yoki sariq); tuzilishi mayda govakli; yumshoq, osonlik bilan sinadigan bo’lishi; chetlari va qirralari bukilmagan to’g’ri shaklli; sirti silliq (zefirniki taram-taram) yupka kristall po’stli; bir tekisda qand talqoni sepilgan bo’lishi kerak.

Murabbo mevalar, rezavorlar, yong’oq, atirgul bargi, qovun, qovoq qand sharbatida yoki patoka qo’shilgan qand sharbatida pishirib tayyorlanadi. Murabbo tayyorlash usuliga ko’ra, pasterizatsiyalangan va pasterizatsiyalanmagan murabbolarga bo’linadi. Pasterizatsiyalanadigani germetik idishga joylanadi va keyin pasterizatsiyalanadi. Pasterizatsiyalanmaydigan murabbo germetik, shuningdek, germetik bo’lmagan idishlarga qo’yib qo’yiladi. Murabbodagi mevalar miqdori umumiy vaznining 45-55 foizini tashkil etishi talab qilinadi.

Jem yangi yoki muzlatilgan meva va rezavorlarni shakar yoki shakar-patoka sharbatida ezilib, jelesimon holatga kelguncha qaynatish yo’li bilan tayyorlanadi. Jem yopishqoq konsisten­tsiyasi bilan murabbodan farq qiladi. Tayyorlanish usuliga ko’ra, jem ham murabbo kabi pasteriza­tsiyalangan va pasterizatsiyalanmagan turlarga bo’linadi. Pas­terizatsiyalangan jem faqat germetik idishlarga, pasterizatsiyalanmagani esa germetik va germetik bo’lmagan idishlarga joy­lanadi.

Povidlo meva yoki rezavorlar pyuresini shakar, pektin va ozuqa kislotalari qo’shib yoki qo’shmasdan qaynatish yo’li bilan tayyorlanadi. Povidloga bo’yoq moddalar bilan rang kiritish, shuningdek, sun’iy xushbo’y moddalar va essentsiyalar qo’shilmaydi. Povidlo asosan olma pyuresidan, shuningdek, o’rik, behi, ol­cha, nok, shaftoli, olxo’ri hamda boshqa meva va reza­vorlar aralashmasidan tayyorlanadi. Povidlo bir xildagi quyuq, zich, konsistentsiyali massa bo’lib, urug’siz va urug’ uyalarisiz, danagi olingan, po’sti artilmagan meva bo’lakchalaridan xoli, sal nordon, hidi tay­yorlangan mevalar hidiga o’xshash bo’lishi kerak.

Shokolad yuqori kaloriyaga ega, chunki uning tarkibida 55-63 foiz shakar mavjud bo’ladi. SHokolad ishlab chiqarishning asosiy xom ashyosi kakao dukkagi (tropik mamlakatlarda yetishtiriladigan kakao daraxtining doni) va shakardir. Shokoladning ayrim turlariga shakardan tashqari sut, kofe, vafli va boshqa mahsulotlar, shuningdek, vitaminlar qo’shiladi. Ishlab chiqarish tartibi va usuliga qarab shokolad: oddiy, desertli, g’ovakli, shokolad kukuni turla­riga bo’linadi. Qo’shimchali va qo’shimchasiz oddiy shokolad kovak va yaxlit shakllarda ishlab chiqariladi. Desertli shokolad ancha yuqori navli kakao dukkagidan ishlab chiqariladi; undagi kakao massasi oddiy shokoladnikidan ko’p, shakari kam bo’ladi. Bu shokolad ham qo’shimchali va qo’shimchasiz bo’ladi. G’ovak shokolad desertli shokolad massasidan tayyorlanadi, u havosiz asbobdan qoliplarga qo’yiladi va tez sovutiladi. G’ovak shokoladning katakligi oddiy shokoladnikidan qalinroq bo’lib, u ancha yumshoq va juda xushta’m bo’ladi. Nachinkali shokolad katakdor baton va boshqa shakl­larda oddiy shokolad kakao massasidan tayyorlanadi. Nachinkasi pomada-mevali, meva-marmeladli, shokolad-kremli, pomada-slivkali, yong’oqli, vaflili bo’lishi mumkin.

Kakao kukuni kakao dukkagidan ishlab chiqariladi. Har xil qo’shilmalardan tozalangan kakao dukkagi qovuriladi, maydalab yorma qilinadi, po’sti ajratiladi va kakao massaga aylan­tiriladi, keyin undan kakao yog’ining bir qismini chiqarib olish uchun presslanadi. Hosil bo’lgan kakao kunjarasi quritilgandan keyin maydalab kukunga aylantiriladi. Kakao kukuni shu kadar mayda bo’lishi kerakki, uni qo’l bilan ezib ko’rilganda donalar sezilmasligi, qaynoq suvga solinganida esa ikki minut mobaynida erib cho’kindi hosil kilmasligi lozim.

Karamel. Karamel shakar-patoka sharbatini namligi 3 foizli oynasimon massa hosil bo’lgunga qadar qaynatish yo’li bilan ishlab chiqariladi. Karamel qaynatilgan issiq aralashma massasiga bo’yoq va xushbuy moddalar, essentsiyalar va ozuqa kislotalari qo’shish yo’li bilan orqali tayyorlanadi. Yaltiroq karamel nachinkasi karamel massasidan tayyor­lanadi. Nachinkali karamel qoliplash vaqtida ichiga to’ldirilgan nachinka bilan boshqa konfetlardan ajralib turadi. Nachinka mevali, meva va rezavormevali, sutli, yong’oqli, shokoladli, shokolad-yong’oqli, soyali va aralash bo’lishi mumkin. Yumshoq (solomka) karamel cho’zilgan kovak yoki ichi nachinka bilan to’ldirilgan naychalar birlashmasi shaklida ishlab chiqari­ladi. SHakldor karamel karamel massasidan har xil hayvonlar, qushlar (masalan, xo’rozqand) yoki buyumlar shaklida ishlab chiqariladi. SHokolad bilan sirlangan karamel bu nachinkali karamel bo’lib, usti bir qavat shokolad bilan sirlangan bo’ladi. Karamelning shakli to’g’ri, yoriq va g’adir-budursiz; sirti quruq, yopishmaydigan; bo’yog’i bir xilda tekis tushgan, ta’mi va xushbuy hidi o’z turiga muvofiq bo’lishi kerak.

Konfet ishlab chiqarishda har xil xom ashyo: shakar, patoka, shokolad, mevarezavorlar pyuresi, danak, yeryong’oq, funduk danagi, kokos yog’i, kakao yog’i, xushbuy hamda bo’yoq moddalar ishlatiladi. Konfetning ba’zi turlariga sut, qaymoq, tuxum oqsili, soya, vino yoki spirt, vafli va boshqa mahsulotlar qo’shiladi.

Qandolat sanoati ko’p xil konfetlar ishlab chiqaradi: ular qator belgilariga ko’ra bir-biridan farq kiladi:

· konfet massasi turiga ko’ra, pomadali, meva va rezavormevali, martsipanli, yong’oqli, sutli, ko’pchitilgan, likyorli, kremli, grilyajli;

· konfet massasi birikmasiga ko’ra, bir qatlamli, ko’p qatlamli, vafli qatlamli;

· korpusining tuzilishiga ko’ra, qo’ymali, yupka qatlamli; presslangan;

· sirtining bezatilishiga ko’ra, sirlanmagan va sirlangan konfetlar;

· tarkibidagi nachinkaga ko’ra, nachinkali va nachinkasiz:

· tashqi bezatilishiga ko’ra, o’ralmagan, o’ralgan, naychali va hokazo;

· realizatsiya muddatiga ko’ra, tez sotilishi lozim bo’lgan, saqlanishi mumkin bo’lgan konfetlar;

· Konfetlar asosan qo’yidagi uch guruhga: nachinkali shokolad konfetlar, sirlanmagan konfetlar va sirlangan konfetlarga bo’linadi.

Iris shakar, patoka, sut va sariyog’dan tayyorlanadi. Irisning ba’zi bir navlariga yong’oq, yeryong’oq, kunjut, soya qo’shiladi. Iris massasining qaynatilish muddati va ishlov berilishiga ko’ra, qattiq yoki karamelsimon, yarim qattiq va cho’ziluvchan turlarga bo’linadi. Iris kvadrat, to’g’ri burchakli, shakldor bo’lishi mumkin. Uning sirti quruq, yopishmaydigan, burchaklari sinmagan va chetlari ezilmagan hamda qirqimi to’g’ri, silliq, rangi och jigar rangdan to’q jigar ranggacha, ta’mi va hidi aniq sezilib turishi kerak. Iris ham konfetlar singari o’ralgan va o’ralmaydigan shaklda bo’ladi.

Qand eng muhim oziq-ovqat mahsulotidir. U har kuni iste’mol qilinishidan tashqari qandolat va novvoychilikda, spirtli va spirtsiz ichimliklar ishlab chiqarishda keng qo’llaniladi. Qand yuqori kaloriyaga ega (100 g qand 405 k. kaloriya beradi), odam organizmida yengil va to’la xazm bo’ladi. Qand ishlab chiqarish usuliga ko’ra ikki guruxga, ya’ni qand-shakar va oq qandga bo’linadi.

Asal gul shirasi - nektardan olinadi. Qanday o’simlikdan yig’ilganiga qarab asal 30 dan ortiq turga bo’linadi: oq akatsiya asali, kungaboqar asali, gullardan olingan asal yoki har xil gullardan olingan asal, gorchitsa asali, kashtan, o’simliklar bargi chiqargan shiradan olingan asal va hoqazolar. Asallar turining sifati, rangi, ta’mi, hidi, xushbuyligi, olin­gan asal beruvchi o’simliklarning xususiyati va yig’ilgan davriga borliq bo’ladi. Asal olinish usuliga qarab ikki turga bo’linadi: mumli asal va tsentrifuga yordamida olingan asal.

Kartoshka kraxmali kartoshkadan olinadi. Kartoshka oldin yuviladi va kirg’ich mashinalarda qirib undan bo’tka tayyorlanadi. Ezilgan bo’tka elakda chayqaladi. Kraxmalning mayda donachalari suv bilan elakdan o’tadi va idishning tagiga cho’kadi; keyin kraxmal suvdan ajratib olinadi, tsentrifugalarda qayta ishlanadi va quritiladi. Sifatiga qarab kartoshka kraxmali to’rt navga bo’linadi: ekstra, oliy, 1 va 2-navlar.

Makkajo’uxori kraxmali makkajo’xoridan olinadi, buning uchun makkajo’xori doni qo’shilmalardan tozalanadi va 36-42 soat mobaynida nordonlashtirilgan iliq suvda saqlanadi; ke­yin uqalanib, murtagi ajratib olinadi, hosil bo’lgan bo’tka ikkinchi marta yaxshilab maydalanadi, yuviladi, tinitiladi, tsentrifugalanadi va quritiladl. Murtagidan esa makkajo’xori moyi olinadi. Sifatiga ko’ra makkajo’xori kraxmali oliy va 1-navga bo’linadi

Patoka kartoshka yoki makkajo’xori, ba’zan bug’doy yoki javdar kraxmallaridan olinadi. Aralashmalardan tozalangan kraxmal suvda eritiladi, nordonlashtiriladi va kraxmal suti tarzida kattakon bochkalarga solib qo’yiladi. SHuning o’ziga bir oz sulfat kislotasi (quruq kraxmal vazniga nisbatan 0,55—0,8%) yoki xlorat kislotasi (0,19— 0,25%) qo’shiladi va eritma qaynatiladi. Butka quyuqlashguncha qaynatiladi, keyin sovitiladi va idishlarga qo’yiladi. Kraxmal patokasi ishlatilishiga ko’ra uch turga: karamel ishlab chiqarish, murabbo tayyorlashda hamda boshqa maqsadlar uchun ishlatiladigan glyukozaga bo’linadi. Karamel patokasi oliy va 1-navga bo’li­nadi. Patoka qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishda va novvoylikda ham keng ko’damda foydalaniladi.

Xamirturushning turi ko’p. Uning non mahsulotlari va pivo tayyorlashda ishlatiladigan turi shakarni bijg’itish asnosida spirt va uglevod oksidi hosil qilish orqali olinadi. Spirt yuqori haroratda, ya’ni non yopish jarayonida uchib ketadi, uglevod oksidi esa xamirning govak-govak bo’lib pishishiga yordam beradi. Tabiiyki, xamirturush tarkibidagi zamburug’lar ham non pishayotgan paytda o’ladi, shu bois xamirturush inson organizmi uchun zararli, degan fikr haqiqatga to’g’ri kelmaydi, deb bemalol aytishimiz mumkin. Aksincha xamirturush odam organizmi me’yoriy mikroflorasining ajralmas tarkibiy qismidir. Tanamizda xamirturushning 20-30 turi mavjud. Bu xom ashyo oziq-ovqat sanoatida keng qo’llanadigan bir hujayrali zamburug’ bo’lib, uning tarkibida mavjud bo’lgan V guruhiga kiruvchi vitaminlar, D provitaminlar inson sog’ligi uchun foydalidir.