(+998 78) 129-59-59

Dukkakli don ekinlarini takroriy ekish bo‘yicha tavsiyalar

Ma’lumki, yurtimizning sug‘oriladigan tuproqlari sharoitida takroriy ekinlarni ekib o‘stirish, har bir gektar yerdan qo‘shimcha mahsulot yetishtirishga imkoniyat yaratadi. Takroriy ekin sifatida soya, mosh, fasol – rus loviyasi kabi dukkakli don ekinlaridan foydalanilganda esa, nafaqat ushbu ekinlarning doni, balki ularning soya va boshqa chiqitlari chorva mollari uchun seroqsil chorva oziqasi sifatida foydalanilsa, bug‘doy somoniga qaraganda chorva mollariga “yuqadigan” oziqa bo‘ladi.
Sababi bu ekinlar qoldiqlarining har 100 kilogrammida 38–52 oziqa birligi bo‘lib, tarkibida kamida 5,8–6,3 kg. gacha hazmlanadigan, hayvonlar organizmiga eng zarur aminokislotalar bilan to‘liq ta’minlangan protein saqlaydi. Bu ekinlarning eng muhim xususiyatlaridan biri ular o‘suv davri davomida nafaqat don va chorva oziqasi yetishtirib beradi, balki o‘zlari o‘sgan tuproqlarda o‘rtacha 65–105 kg. gacha, ulardan keyin ekilgan barcha ekinlar to‘laligicha o‘zlashtira oladigan biologik azotni «tekinga» havodagi molekulyar azotni fiksatsiyalab tuproqlarimizga tushirib beradi va tuproqlarimizning ekologik-mikrobiologik jihatidan sezilarlik darajada yaxshilab beradi.
Soya jahondagi sanoati rivojlangan mamlakatlar dehqonchiligida salmoqli o‘rinni egallovchi, sanoatbop, oziq-ovqat ekini hisoblanadi. Soya o‘zining ishlatilishidagi universalligiga ko‘ra, o‘stiriladigan barcha o‘simliklar orasida tengsizdir. Chunki, soya doni tarkibida yuqori sifatli, aminokislotalar bilan ta’minlanganligi jihatidan go‘sht, sut, tuxum kabi eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan raqobatlasha oladigan 28–52 foiz oqsil, 18–27 foiz ekologik toza o‘simlik moyi, ko‘plab miqdorda mineral tuzlarni, darmondorilarni saqlash bilan alohida ahamiyatli hisoblanadi.
Bugun ko‘ptarmoqli fermerlarimiz xorijiy, naslli qoramol va tovuqlarni olib kelib parvarishlash jarayonida soyaning chorva mollari ozuqasi ratsionidagi ahamiyatini yaxshi tushunyaptilar. Chunki ratsionga soya mahsulotlari aralashmasa, zotdor chorva mollaridan ko‘zlangan daromadga erishish mumkin bo‘lmay qoldi. Soya kunjarasi, soya izolyati kabi mahsulotlarga talab oshgani sari narxi qimmatlashib bormoqda.
Endi o‘zimizning mahalliy soyamizni ishlab chiqarish kerak bo‘lyapti. Buning uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
Qishloq xo‘jalik fanimizni rivojlanishi tufayli soyaning mahalliy, GMOsiz serhosil, ertapishar «To‘maris», MAN–60, «Oltintoj», «Oyjamol», «Genetik–1», «Orzu» singari qator navlari yaratilib Davlat reyestriga kiritildi. Ular respublikamizning barcha viloyatlarining sug‘oriladigan tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy va boshqa ertaki ekinlardan keyin takroriy o‘stirishga yaroqli hisoblanadi.
Soyadan don olish uchun takroriy qilib o‘stirishda yerni haydashdan avval har gektariga 90 kg. dan R2O5, 60 kg. dan K2O hisobidan ma’danli o‘g‘itlari bilan o‘g‘itlanib, so‘ng ekishga tayyorlanishi shart. Tuproqni ekishga tayyorlash ishlarini imkon qadar tez amalga oshirilishi soyaning hosildorligini belgilaydi, chunki urug‘ vaqtida ekiladi. Soya urug‘ining ekishni eng optimal muddati 15 iyulgachadir, undan kechikishi don hosilini kamayishiga olib keladi.
Yuqoridagi navlarning urug‘liklaridan gektariga 330–400 ming dona unuvchan urug‘ hisobida va qator orasini 60–70 sm, urug‘larni ekish chuqurligini esa 6–8 sm qilib belgilash kerak. Takroriy soya yetishtirishdagi eng muhim tadbir maydonlarni ekilgan kunning o‘zida urug‘ suvi bilan sug‘orilishiga erishish hisoblanadi, bu gektardagi maysalarni to‘liq bo‘lishini ta’minlaydi.
Soya nihollarida 1–3 ta barg chiqishi bilan har gektari kamida 150 kg. gacha azotli o‘g‘it bilan oziqlantiriladi. O‘suv davri davomida tuproq sharoitiga bog‘liq ravishda 4–5 martagacha sug‘oriladi. Ayniqsa, donni to‘lishish davrida suvdan qoldirmaslik zarur. Qator oralariga 2 marta ishlov beriladi. 2–3 marta zararkurandalarga ayniqsa, ko‘sak qurtiga qarshi ishlov berilishi talab etiladi. Imkon qadar soyazorlarni begona o‘tlardan, hasharotlardan himoyalash eng muhim agrotexnik tadbirlardan hisoblanadi va bular hosildorlikni belgilaydi.
Shunday qilib o‘stirilgan takroriy soyazorning har gektaridan o‘rtacha 
1,8–2,5 tonnagacha don va kamida 6,8 tonnagacha somon yig‘ishtirilib olish mumkin. Ilmiy tadqiqotlardan ma’lumki, soya takroriy o‘stirilganda, donidagi o‘simlik moyi o‘rtacha 3,5 foizgacha ko‘payadi. Har tonna soya donidan o‘rtacha 200–220 kg. gacha ekologik toza o‘simlik moyi ajratib olinishi va uning har bir kilogrammining chakana narxi 8500–10000 so‘mga baholanishi hisobga olinsa, gektaridan faqat moyidan olinadigan daromad 1700000–2200000 so‘mni tashkil qiladi. Qolgan soya kunjarasi 780–800 kg. ga teng bo‘lib, uning har bir kilosi bugun 5500–6100 so‘mdan sotilayotganini hisobga olsak, uning umumiy narxi 4 290000–48 800000 so‘mni tashkil etishini hisoblab chiqarish qiyin emas.
Demak, takroriy soyadan olingan har bir tonna donni qayta ishlab, o‘simlik moyi ishlab chiqarishdan olinadigan kunjarasini ham qo‘shib hisoblansa, daromad 4290000–9760000 so‘mni tashkil qilar ekan. Bu raqamlarni gektardan olinadigan soya doni hosiliga monand hisoblash qiyinchilik tug‘dirmaydi. Demak, takroriy soya yetishtirish o‘ta rentabellik hisoblanadi.
Soya ekishga ulgurmagan tuproqlar sharoiti uchun yana bir dukkakli ovqatbop-oddiy fasol-rus loviyasini ekishni tavsiya qilamiz. Bu o‘simlik ham yurtimiz tuproqlarida mustaqillikdan keyin ekila boshlagan oqsilga boy 
23–28 %, ovqatbop dukkakli don hisoblanadi.
Bu o‘simlikni o‘suv davri juda qisqa 66–80 kun, poyasi kalta, shtambalik juda g‘uj, takroriy ekilganda o‘suv davri 8–11 kungacha qisqaradi, demak o‘suv davri juda tez o‘tadi. Shuning uchun takroriy fasol o‘stirishda barcha agrotexnologik jarayonlarni ketma-ketligi juda zich o‘tishini hisobga olib, o‘simlikka beriladigan ozuqalarni imkon qadar tuproqning asosiy ishlovi davrida berilishi shart. Fasol har 1 s doni va shunga mos qismlari bilan birga tuproqdan 5,3 kg N, 2,2 kg R2O5 va 2,9 kg K2O ni olib chiqib ketadi, agar gektaridan 20 s fasol doni olishni mo‘ljal qilayotgan bo‘lsak, unga 106 kg azot, 44 kg fosfor, 60 kg kaliyni yetkazib berishimiz shart. Buni u tez olishi kerakligini yodimizdan chiqarmasdan, fosfor va kaliyning hammasini yerni haydashdan avval, azotni esa o‘simlik shonalaguncha berilishi kerak. O‘g‘itlarni bundan kechikib berilishi albatta hosildorlikni kamaytiradi.
Urug‘lar mahalliy bo‘lmaganligi va bu ekin urug‘larining alohida urug‘chiligi ishlab chiqilmaganligi bois, xarid qilib olinayotgan urug‘larni ko‘z bilan baholanib, begonalari ajratib olinadi (urug‘ning rangi, shakli, katta-kichikligi va boshqa belgilar orqali).
Fasolni ekish me’yori gektariga 330–400 ming dona unuvchan urug‘ (60x4–5x1 sm sxemasida joylashtirilib, urug‘larni SPCh-6–8 pnevmatik seyalkasida ekish, bunda ekish chuqurligi 6–7 sm qilib belgilanadi. Urug‘ ekilgan kuni urug‘ suvi berilishi shart.
Unib chiqqan maysalar gektariga 160–180 kg azotli o‘g‘it bilan birinchi 3 ta barg chiqarganda oziqlantiriladi, 2 marta qator orasi yumshatiladi, yosh maysalar o‘rgimchakkanadan qattiq zararlanadi, unga qarshi vaqtida ishlov berish shart. Oddiy fasol suvga talabchan ekin hisoblanadi, uni ayniqsa, gullagandan keyin har 8–10 kunda sug‘orish kerak. Suv me’yori gektariga 550–650 m3/ga, mavsumda 3–4 marta sug‘oriladi.
Hosil yetishtirilganda oddiy fasolni barglari sarg‘ayib, to‘kila boshlaydi, uni kombaynda o‘rish mumkin. Ammo fasolni takroriy ekilganda uning dastlabki dukkaklari poyada juda pastda 5–7 sm. da joylashadi. Shuni va nobudgarchilikning oldini olish maqsadida avval o‘rib, yulib g‘aramlab, keyin kombaynlar barabanlari aylanishini minutiga 400 martagacha pasaytirib yanchiladi, yanchilgan donlarni 13–14 foiz namlikkacha quritib, tozalanadi.
Yuqorida aytilganlarga amal qilib o‘stirilgan oddiy fasolni har gektaridan o‘rtacha 2,1–2,3 tonnagacha sara don yig‘ishtirib olish mumkin.

Manba: agro.uz