(+998 78) 129-59-59

KOREYA O‘ZBEKISTONDAN GILOS IMPORTINI OSHIRADI

Toshkent shahrida «Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish» har yilgi gilos tanlovi bo‘lib o‘tdi. U yerda butun O‘zbekistondan keltirilgan gilosning o‘nlab turlari namoyish etildi. Gilosni yetishtirish, qadoqlash, saqlash va tashish bo‘yicha mashg‘ulotlar hamda yangi uslublar namoyish etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston gilos yetishtirish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi – yiliga 100 ming tonna. Undan kamida 30 foizi har yili MDH va uzoq xorij davlatlariga eksport qilinadi.
Faqatgina 2016 yilning o‘zida 50 mln. dollarlik o‘zbek gilosi eksport qilindi.
Shu bilan birga, «O‘zagroeksport» AJ tomonidan mahallliy muassasalar bilan hamkorlikda nafaqat eksport hajmini oshirish, balki o‘zbek gilosi eksporti geografiyasini kengaytirish va diversifikatsiyasi bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Masalan, joriy yilda asosiy eksport qilinuvchi davlatlardan tashqari, yangi gilos Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, BAA va boshqa mamlakatlarga yuborildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Koreya tomonining talablari jiddiy o‘rganib chiqilganidan so‘ng, mas’ul muassasalar sa’y-harakati bilan o‘zbek gilosini Janubiy Koreyaga eksporti taqiqi olib tashlandi. Eksport shartnomalari imzolanib, eksport barqaror ravishda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, koreyalik hamkorlar bilan anor va qovun eksporti bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Marketing tadqiqotlariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi, Yevropa va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida O‘zbekistonning yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari katta talabga ega bo‘lmoqda.
Shu nuqtai nazardan, xorijda yangi hamkorlarni qidirib topish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. BAA, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlar kompaniyalari bilan eksport hajmini oshirish masalasi o‘rganilmoqda.
Ma’lumot uchun: “O‘zagroeksport” AJ tomonidan “Telegramm” ilovasida “Eksport fruktov i ovoщey” guruhi tuzilgan bo‘lib (https://t.me/Uzagroexport_JSC yoki @Uzagroexport_JSC), unda respublikaning 750 nafardan ziyod eksportyorlari a’zo bo‘lgan. Mazkur guruh eksport jarayoni bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun ochiq platforma sifatida xizmat qiladi. Eksportyorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini taklif qilishlari mumkin. Shu bilan birga, “O‘zagroeksport” AJ kompaniyasining rasmiy sayti http://uzagroexport.uz doimiy ishlab turibdi.

Manba: uzagroexport.uz