(+998 71) 129-59-59

Shavkat Mirziyoyev: kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun hamma yo‘llar ochilgan, undan samarali foydalanish zarur

Prezidentimiz Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod agrosanoat” agrofirmasiga tashrif buyurib, viloyat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. 

Mamlakatimizda sifatli meva-sabzavot yetishtirish va aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, eksport salohiyatini yuksaltirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, uzum yetishtirishni ko‘paytirish, mahsulotni eksport qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. 

“Mindonobod agrosanoat” agrofirmasi uzumchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, 720 gektarga sanoatbop uzum navlari ekilgan. Korxona yiliga 5 ming tonna mahsulot yetishtirish, 3 ming tonna uzumni birlamchi qayta ishlash, 650 ming dona briket ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun 89 kishi doimiy, 300 dan ortiq kishi mavsumiy ishga jalb etilgan. Tokzorlarni parvarishlashda tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalaniladi. 

Agrofirma tomonidan mavjud tokzorlarni ming gektarga yetkazish orqali yiliga 15 ming tonna uzum yetishtirish, 1 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulotni eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. Natijada 450 ming tup tok qalamchasi o‘tqazilib, Xitoyning quyosh energiyasida ishlaydigan sug‘orish tizimlari o‘rnatiladi. 

Ushbu loyiha to‘la ishga tushgach, 250 kishi ish bilan ta’minlanadi. 

Davlatimiz rahbari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun barcha yo‘llar ochilganini, kuni kecha e’lon qilingan “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror soha vakillarining yanada samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyat yaratishga qaratilganini ta’kidladi. 

Farg‘ona viloyatida tadbirkorlik ilmini egallagan uddaburon ishbilarmonlar ko‘p. Ammo odamlarimiz hamisha ham mehnatiga yarasha daromad olmagan. Bu adolatsizlikka chek qo‘ymoq zarur. Yangi qaror bilan yaratilayotgan imtiyozlar ularning qilayotgan ishidan manfaat topishiga, o‘zi, oilasi va jamiyat uchun foyda keltirishiga, farovon hayotga erishishiga, uylar qurib, farzandlarining orzu-havasini ko‘rishiga xizmat qiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu yerda “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyasi tomonidan 2017-2018-yillarda Farg‘ona viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Kompaniya tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda qiymati 63 milliard 256 million so‘mlik 6 loyihani amalga oshirish, 200 ga yaqin ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda. Natijada viloyatda bo‘sh yotgan yerlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, uni saqlash, qayta ishlash bo‘yicha yirik quvvatlar tashkil etiladi, eksport hajmi ortadi. 

Quva tumanidagi “Big agro logistic” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan meva-sabzavotni qayta ishlash, quritish, qadoqlash va eksport qilishga mo‘ljallangan zamonaviy logistika markazi tashkil etilmoqda. 

Loyihaning umumiy qiymati 7,2 million dollar bo‘lib, birinchi yilda 6,5 million dollar, besh yildan so‘ng 10 million dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilish mo‘ljallanmoqda. Logistika markaziga Italiya va Turkiyadan keltiriladigan texnologik liniyalar o‘rnatiladi. 5 ming tonnalik sovutgich, 7 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari tashkil etiladi. 

Loyiha ishga tushgach, 180 ish o‘rni yaratiladi. 

Qo‘qon shahridagi “Elit konserva” mas’uliyati cheklangan jamiyatida meva-sabzavotlarni qadoqlash, Oltiariq tumanidagi “Eco Export Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saralash, quritish va saqlashga mo‘ljallangan loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar viloyat eksport salohiyatini yanada mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishda alohida ahamiyatga ega. 

  Bu  yil Quva tumanidagi “Farg‘ona anorzori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 50 gektarda yangi anorzor barpo etilgan. Ushbu bog‘ni agrotexnika qoidalari asosida parvarishlash natijasida kelgusida 700 tonnadan ortiq hosil olish rejalashtirilmoqda. Anorzor qator oralariga pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va boshqa sabzavotlar, dukkakli ekinlar ekilgan. 

Agrofirma tomonidan kelgusi yillarda anorzorlarni 2 ming gektarga, hosildorlikni 30 ming tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda. 

Prezidentimiz Quva va Dashnobod anori dunyoga mashhur ekani, har ikkala navning o‘ziga yarasha xususiyatlari mavjudligini ta’kidladi. Anor chiqitsiz mahsulot bo‘lib, po‘stlog‘idan kimyo sanoatida rang olishda, farmatsevtikada xomashyo sifatida foydalanish mumkinligi qayd etildi. Viloyatda anorzorlarni yanada kengaytirish va ushbu mahsulot eksportini ko‘paytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi. 

Milliy bank tomonidan viloyatda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar namoyish qilindi. Qiymati 64,4 million dollar bo‘lgan ushbu loyihalardan 10 tasi Xitoy taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.  Yil oxiriga qadar yana 5 loyihani moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Buning samarasida 2017-2018-yillarda 68 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot qayta ishlanib, 25,7 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 

Davlatimiz rahbari Uchko‘prik tumanidagi sobiq konserva zavodi negizida amalga oshirilayotgan loyihani ham ko‘zdan kechirdi. 

Loyiha tashabbuskori “Volley Mountains Fresh” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lib, 10,5 milliard so‘m, jumladan, “Ipoteka-bank”ning 7,4 milliard so‘m krediti hisobiga korxonaning mavjud quvvatlari modernizatsiya qilinadi, mevani saqlovchi muzlatgich va qadoqlovchi uskunalar o‘rnatiladi. 

2018-yilning birinchi choragida loyihaning  birinchi bosqichi, to‘rtinchi chorakda ikkinchi bosqichi ishga tushiriladi. Natijada ming tonna tomat pastasi, shuncha pyure va konsentrat, meva-sabzavot konservalari aholi iste’moli uchun yetkazib beriladi. Mahsulot eksportga ham yo‘naltiriladi. Ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida 170 ish o‘rni tashkil etiladi. 

Prezidentimiz viloyatda qayta ishlash sanoatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyat, xomashyo va ishchi kuchi mavjudligini ta’kidladi. Ulardan unumli foydalanish, tarmoqqa tadbirkorlarni keng jalb etish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.

Manba: uza.uz