(+998 78) 129-59-59

Meva-sabzavot eksporti ko‘payadi

Qashqadaryo viloyati meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish, ularni qayta ishlash va eksport qilish borasida katta imkoniyatlarga ega. Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgan “Shahrisabz” logistika markazi meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan. 
Eski pillachilik fabrikasi o‘rnida ish boshlayotgan logistika markazi meva-sabzavotni yetishtirish, tayyorlash, qabul qilish, saralash, qayta ishlash, jahon talablariga mos laboratoriyalarda tekshirish, qadoqlash hamda ho‘l, muzlatilgan va quritilgan holda eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 
Markaz to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 25 ming tonnadan ziyod mahsulot Yevropa va MDH mamlakatlariga, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga eksport qilinadi. Ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Fermerlar, dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari yetishtirilgan mahsulotini sotish hisobidan yiliga o‘rtacha 80 milliard so‘m atrofida daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 
Prezidentimizning joriy yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar asosida Shahrisabz shahridagi “Olchazor impeks” O‘zbekiston – Latviya qo‘shma korxonasi muassisligida tashkil etilayotgan markazda 1 sentyabrga qadar yillik quvvati 5 ming 350 tonna sig‘imli sovutgich omborxona, 1000 tonna meva-sabzavotni quritish, 2 ming tonna dukkakli mahsulotlarni saralash liniyasi hamda brokerlik idorasi, logistika bo‘limi va eksport maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 
– Meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish borasida viloyatimizda keng imkoniyat va yuqori salohiyat mavjud, – deydi markazning tashkiliy masalalar bo‘yicha direktori Dilshod Yorov. – “Shahrisabz” logistika markazi ushbu maqsadlarga xizmat qiladi. Ayni paytda mavjud bino va inshootlarni ta’mirlash, ishlab chiqarish ob’ektlariga moslashtirish, yangilarini qurish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
2018 yil 1 yanvariga qadar 88 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi asosida intensiv bog‘, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan issiqxona, yiliga 6 ming tonna mahsulotni tez muzlatuvchi, 2 ming tonna mayiz, quritilgan olxo‘ri va o‘rikni qayta ishlovchi liniyalar hamda zamonaviy laboratoriyani ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.


Matbuot xizmati