(+998 71) 129-59-59

2017 yil O‘zbekistonda 21,4 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirildi

O‘tgan yili mamlakatimiz dehqon, fermer va tomorqachilari tomonidan jami 21,4 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirildi. Shundan 11,4 million tonnasi sabzavot, 2,1 million tonnasi poliz, 3 million tonnasi kartoshka, 3,1 million tonnasi meva bo‘lsa, 1,8 million tonnasini uzum tashkil etdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, aholini yil davomida bog‘ va dala ne’matlari bilan uzluksiz ta’minlash, bozorlardagi narx-navoning barqarorligini saqlash hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar shunday ijobiy natija qo‘lga kiritilishida muhim omil bo‘ldi. 
Chindan ham, respublikamiz bo‘yicha 13 ming gektar intensiv bog‘lar, 7 ming gektar tokzorlar barpo etilishi barobarida, 15,2 ming gektar yaroqsiz bog‘lar hamda 9,1 ming gektar yaroqsiz tokzorlar rekonstruksiya qilingani tarmoqda hosildorlik oshishini ta’minlamoqda. 
Shu o‘rinda qisqartirilgan paxta va g‘alla maydonlari o‘rniga ham meva-sabzavot ekinlari joylashtirilayotgani oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmi ortishiga katta turtki bo‘layotganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, 2016-2017 yillarda shunday yer maydonlarining 8,5 ming gektarida intensiv bog‘lar, 4,4 ming gektarida tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, 39,9 ming gektar sabzavot, 13,2 ming gektar kartoshka ekinlari ekilib, barkali hosil ko‘tarildi.