(+998 71) 129-59-59

Korporativ boshqaruv kodeksi

I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Korporativ boshqaruv kodeksi (keyingi matnlarda Kodeks deb yuritiladi) aksiyadorlik jamiyatlari o‘zining haqqoniy va ochiq biznes yuritish tarafdori ekanligini namoyon qilgan holda ixtiyoriy ravishda amal qiluvchi tavsiyalardan iborat.
2. Kodeks O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va korporativ boshqaruvning xalqaro tamoyillariga asoslangan.
3. Mazkur Kodeks maqsadlarida korporativ boshqaruv deganda, aksiyadorlik jamiyati faoliyatini samarali tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilish maqsadida aksiyadorlik jamiyatlari (keyingi matnlarda AJ deb yuritiladi) ijroiya organi, kuzatuv kengashi, aksiyadorlar, mehnat jamoasi vakillari va boshqa manfaatdor tomonlar, shu jumladan, kreditorlar o‘rtasida mazkur shaxslar manfaati uyg‘unligiga erishish tizimi tushuniladi.
4. Kodeks AJ boshqaruv organlari ishini samarali tashkil etishning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar majmuasidan iborat.
5. Kodeks hisobdorlik, ochiqlik, haqqoniylik, yuksak axloqiy tamoyillarga rioya etishni o‘z ichiga oluvchi hamda AJni uzoq muddatli istiqbolda barqaror rivojlantirishni ta’minlashga yo‘naltirilgan tegishli boshqaruvning asosiy prinsiplari asosida ishlab chiqilgan.
6. Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olish to‘g‘risidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
7. AJ Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan o‘zining tarmoq xususiyati hamda faoliyatining o‘ziga xosligini hisobga olgan holda ichki korporativ xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
8. Kodeks tavsiyalariga rioya qilish majburiyatini olish va unga rioya etish to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, AJning internet tarmog‘idagi korporativ veb-sayti (keyingi matnlarda AJ sayti deb yuritiladi) va fond birjasi saytida, shuningdek, qonun hujjatlarida axborotlarni oshkor qilish nazarda tutilgan boshqa manbalarda amalga oshiriladi.
9. Kodeks tavsiyalarini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rish, uni joriy etish va monitoring qilishdagi harakatlar ketma-ketligi 1-ilovada keltirilgan.
10. AJ Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olishi to‘g‘risidagi axborotni 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq xabarni e’lon qilish yo‘li bilan oshkor etadi.
11. Kodeksning muayyan tavsiyalariga rioya etish imkoni mavjud bo‘lmaganda, AJ“comply or explain” (rioya qil yoki tushuntir) xalqaro tamoyiliga rioya qilgan holda uning sabablarini to‘liq oshkor etadi.
 
II. FAOLIYAT OCHIQLIGINI TA’MINLASH
12. Faoliyat ochiqligini ta’minlash maqsadida AJ:
axborotlarni maxfiy axborotlar, tijorat sirlari va aksiyalar narxining o‘zgarishiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar toifasiga kiritishning aniq mezonlarini belgilaydi;
oshkor etilishi shart bo‘lgan axborotlarning AJ sayti va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalarda ingliz, rus va aksiyador hamda boshqa manfaatdor tomonlarga, shu jumladan, xorijiy investorlarga qulay bo‘lgan boshqa tillarga tarjimasi bilan birgalikda e’lon qilinishini ta’minlaydi;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ijroiya organining mukofot va kompensatsiyalari miqdorini oshkor etadi;
AJ saytida ijroiya organi va uning faoliyati samaradorligi bahosi, aksiyadorlik kapitali tarkibi (20 foizdan ziyod aksiyaga ega aksiyadorlari) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;
taqsimlashga taklif etilayotgan sof foyda, dividendlar miqdorining asoslanishi, ularning AJ dividend siyosatiga muvofiqligining baholanishi, shuningdek, zarurat tug‘ilganda sof foydaning muayyan qismini AJni rivojlantirish ehtiyojlariga yo‘naltirishning tushuntirilishi va iqtisodiy asoslanishini e’lon qiladi;
aksiyadorlar talabiga ko‘ra imkon qadar qisqa muddat ichida aksiyadorlar va investorlarga zarur bo‘lgan muayyan (maxfiy va tijorat siri bo‘lgan axborotlardan tashqari) axborotlarni taqdim etadi.
13. O‘z faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida AJ kuzatuv kengashi o‘z ichiga quyidagilarni olgan “Axborot siyosati to‘g‘risida nizom”ni tasdiqlaydi:
AJ tomonidan ochiq axborotlarni oshkor qilish maqsad va prinsiplari;
saytda oshkor etilishi shart bo‘lgan axborotlar ro‘yxati, ularni oshkor etish muddati, tartibi va shakli, shu jumladan, ular oshkor etiladigan axborot kanallari;
AJ to‘g‘risidagi oshkor etilishi shart bo‘lgan axborotlarni e’lon qilish bo‘yicha ijroiya organining majburiyatlari;
boshqaruv organi a’zolari, mansabdor shaxslar, AJ ishchilarining aksiyadorlar va investorlar, boshqa manfaatdor shaxslar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan axborot almashinuv tartibi;
AJning axborot siyosatiga amal qilishini nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar.
14. “Axborot siyosati to‘g‘risida nizom” AJ boshqaruv va nazorat organlari hamda xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan hujjat hisoblanadi.
 
III. SAMARALI ICHKI NAZORAT MYEXANIZMLARINI JORIY QILISH
15. Samarali ichki nazorat mexanizmlarini joriy qilish maqsadida AJ:
kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizomda uning tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish talablarini aks ettiradi;
kuzatuv kengashiga homiylik (xayriya) yoki beg‘araz yordam ko‘rsatish (olish) tartibi va shartlarini belgilash hamda bu borada qaror qabul qilish huquqini faqat aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi va qonun hujjatlarida belgilangan doirada, bu haqda barcha aksiyadorlar uchun ma’lumotlarni oshkor etgan tarzda beradi;
aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qaroriga asosan, har yili mustaqil professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilgan holda biznes-jarayonlar va loyihalarning AJ rivojlanish maqsadlariga muvofiqligi yuzasidan tahlil o‘tkazadi;
AJ samarali ichki nazorat tizimini joriy qilishning asosiy maqsadini barcha aksiyadorlar, shu jumladan, minoritar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni belgilaydi;
ijroiya organining affillangan shaxslar bilan va yirik bitimlarni mustaqil amalga oshirishi uchun AJning joriy xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bitimlarni aniqlash masalasini aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida muhokama qilinishini ta’minlaydi;
AJning ichki audit xizmatiga ichki nazoratni, shu jumladan, 50 foizdan ziyod ulushi AJga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar bilan o‘tkazilgan operatsiyalar ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatini beradi;
AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning boshqaruv organlari yig‘ilishlarida o‘zining vakillarini AJ nomidan ovoz berish tartibini belgilaydi;
AJ umumiy yig‘ilishida ishtirok etuvchi shaxsga shunday shaxs hisobidan o‘zi to‘ldirgan byulleten nusxasini olish imkonini beradi;
AJ ijro organidan muntazam ravishda jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar faoliyati yuzasidan ularning tasdiqlangan biznes-rejasiga muvofiq, bajarilgan ishlar va erishilgan ko‘rsatkichlar to‘g‘risida hisobot talab qiladi;
AJ ichki nazorat organi (taftish komissiyasi va ichki audit xizmati)ning kuzatuv kengashi, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi, minoritar aksiyadorlar qo‘mitasi (agar mavjud bo‘lsa) va aksiyadorlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
16. AJda samarali ichki nazorat tizimini joriy qilish uchun aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi “Ichki nazorat to‘g‘risidagi nizom”ni tasdiqlaydi. U quyidagilardan iborat bo‘ladi:
AJning ichki nazorat organi tarkibiga hamda uning a’zolari malakasiga talablar;
ichki nazorat tizimi to‘g‘risidagi hisobot tarkibi va uni shakllantirish reglamenti;
AJ ichki nazorat organi tizimi samaradorligini baholash uchun mustaqil professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilish tartibi;
Ichki nazorat organi ishini monitoring qilish mexanizmlari tavsifi, uning a’zolariga to‘lanadigan kompensatsiya va mukofot pullarini hisoblash tartibi.
17. “Ichki nazorat to‘g‘risidagi nizom” AJ xodimlari, boshqaruv va nazorat organi a’zolari uchun rioya etilishi majburiy bo‘lgan hujjat hisoblanadi.
18. AJ “Kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizom” talablariga muvofiq, kuzatuv kengashi tarkibiga bittadan kam bo‘lmagan (ammo ustavda ko‘zda tutilgan kuzatuv kengashi a’zolari sonining 15 foizidan kam bo‘lmagan) mustaqil a’zo kiritadi.
19. Quyidagilar AJ kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi bo‘lishi mumkin:
(I) so‘nggi besh yil mobaynida AJ, uning sho‘‘ba va affillangan korxonalarida ishlamagan shaxslar;
(II) AJ, uning sho‘‘ba va affillangan korxonalari aksiyadori bo‘lmagan shaxslar;
(III) AJ, uning sho‘‘ba va affillangan korxonalari bilan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining besh ming baravari miqdoridan yuqori summaga tegishli shartnomaga ega bo‘lgan yirik mijozlari yoki mol yetkazib beruvchilari bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxslar;
(IV) AJ, uning sho‘‘ba va affillangan korxonalari bilan xizmat ko‘rsatish yuzasidan shartnomaga ega bo‘lmagan shaxslar;
(V) AJ, uning sho‘‘ba va affillangan korxonalari rahbarlari bo‘lgan yoki so‘nggi besh yil mobaynida shunday lavozimlarda ishlagan shaxsning oila a’zosi bo‘lmagan shaxslar;
(VI) AJni nazorat qiluvchi shaxs (yoki AJ ustidan jamoa tarzida nazorat olib boruvchi guruh va/yoki tashkilot a’zosi) bo‘lmagan shaxslar;
(VII) AJ bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma orqali bog‘liq bo‘lmagan va AJning sohasi bo‘yicha yuqori turuvchi tashkiloti (kompaniya) yoki yirik aksiyadorining xodimi bo‘lmagan shaxslar.
 
IV. AKSIYADORLARNING HUQUQ VA QONUNIY MANFAATLARINI AMALGA OSHIRILISHINI TA’MINLASH
20. Aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini ta’minlash uchun AJ boshqaruv va nazorat organlari:
AJ saytida yozma va elektron so‘rovlarni, shu jumladan, aksiyadorlar o‘z aloqa ma’lumotlari va bank rekvizitlarining o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuborishi uchun manzil ko‘rsatgan holda aksiyadorlarga AJ bilan bog‘lanishni yengillashtiradi;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida shaxsan ishtirok eta olmaydigan aksiyadorlar uchun elektron pochta orqali (elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda), shuningdek, o‘z vakolatini vakilga berish yo‘li bilan ovoz berish yoki umumiy yig‘ilishni videokonferens-aloqa tarzida o‘tkazish imoniyati va sharoitini yaratadi;
AJning dividendlarni hisoblashning shaffof mexanizmini ochib beruvchi dividend siyosati to‘g‘risidagi nizomini ishlab chiqadi;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi to‘g‘risidagi nizomda umumiy yig‘ilish o‘tkazilgunga qadar aksiyadorlarga kun tartibi, shu jumladan, kuzatuv kengashining umumiy yig‘ilish kun tartibidagi masala bo‘yicha pozitsiyasi yuzasidan zarur ma’lumotlarni taqdim etishni nazarda tutadi;
sanoq komissiyasiga amaliy ko‘mak ko‘rsatish yoki uning funksiyasini bajarish uchun mustaqil ekspertlarni jalb etishi mumkin (masalan, investitsiya maslahatchisi yoki qimmatli qog‘ozlar bozorining boshqa professional ishtirokchisi);
aksiyadorlar va investorlar bilan o‘zaro hamkorlik uchun mas’ul xodim yoki bo‘linmani belgilaydi;
ustavda AJning 1 foizdan kam bo‘lmagan oddiy aksiyalari egalariga kuzatuv kengashi majlisini chaqirishni talab qilish va kun tartibi, foydani taqsimlash, boshqaruv va nazorat organi a’zoligiga ularning nomzodini (umumiy yig‘ilish o‘tkazilgunga qadar almashtirish imkoniyati bilan) ko‘rsatish yuzasidan taklif kiritish huquqini taqdim etadi;
AJning alohida ichki hujjatida aksiyadorlar, shu jumladan, minoritar aksiyadorlar uchun ovoz berishda ularning birgalikdagi pozitsiyasini shakllantirish uchun aksiyadorlik bitimini tuzish imkonini nazarda tutadi;
AJ mablag‘lari hisobidan minoritar aksiyadorlik qo‘mitasini ta’minlash xarajatini qoplaydi (minoritar aksiyadorlik qo‘mitasi tuzilgan taqdirda);
ustavda minoritar aksiyador hujjatlarni asossiz ravishda talab qilish va maxfiy axborotlar, tijorat sirlarini qo‘llash yo‘li bilan AJ boshqaruv organi faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligini nazarda tutadi;
ustavda qo‘shimcha aksiyalar chiqarilgan holatda aksiyadorlar ustav kapitalidagi ulushiga proporsional ravishda imtiyozli sotib olish huquqi nazarda tutiladi;
barcha aksiyadorlarga, ularning ulushi, daromad darajasi, jinsi, irqi, dini, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, bir xil munosabatni ta’minlaydi;
ustavda aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi kun tartibi uchun takliflarni taqdim etishning kechroq muddatini ko‘zda tutadi;
ijroiya organi, kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi a’zolari, shuningdek, auditorlik tashkiloti vakilining aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishida ishtirok etishini ta’minlaydi;
kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizomda kuzatuv kengashi a’zosi vazifasini bajarishdan ozod etilishi shartlarini, AJ kuzatuv kengashi raisining yig‘ilishni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq faoliyati tartibi va funksiyasini nazarda tutadi;
AJ aksiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan boshqa zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
21. AJ aksiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini ta’minlash uchun AJ yuqorida qayd etilgan tavsiyalarni aks ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi.
 
V. UZOQ MUDDATLI ISTIQBOLGA MO‘LJALLANGAN RIVOJLANISH STRATYEGIYASI VA VAZIFALARNI BYELGILASH
22. Uzoq muddatli istiqbolga oid rivojlanish strategiyasi va vazifalarni belgilash uchun AJ boshqaruv organi:
AJning strategik maqsadi sifatida aksiyalar narxining o‘sishiga olib keluvchi moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, mehnat unumdorligi va mahsulot raqobatdoshligini oshirish, ishlab chiqarish, energiya samaradorligi va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sishi, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashni amalga oshirishni belgilaydi;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida tarmoq xususiyatining o‘ziga xosligi, raqobat muhiti tahlili, eksportga yo‘naltirilganlik va tegishli soha, tarmoq va hududni rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan davlat dasturlaridan kelib chiqqan holda AJning 5 yildan ortiq bo‘lgan davr uchun uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
xorijiy tajribada muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan boshqaruv uslublari, shu jumladan, SWOT, GAP tahlil va boshqa yondashuvlar, maxsus dasturiy mahsulotlar va boshqalarni keng qo‘llaydi;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan uzoq muddatli strategiya asosida qisqa muddatli (yillik) va o‘rta muddatli (5 yilgacha bo‘lgan davr uchun) biznes-rejalar ishlab chiqadi hamda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashiga tasdiqlash (ma’qullash) uchun kiritadi;
AJda qabul qilingan har bir rivojlanish rejasi bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishish monitoringini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan son va sifat mezonlarini joriy etadi.
23. Kuzatuv kengashi ijroiya organi, AJ ichki nazorat organi, AJda tashkil etilgan kollegial organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, zarur bo‘lganda, AJ rivojlanish rejasini ishlab chiqishni tashkil etish va unda belgilangan maqsadlarga erishish monitoringi uchun ekspertlarni jalb etadi.
24. AJ majburiy ravishda aksiyadorlari tarkibiga (qonun hujjatlari belgilangan holatlardan tashqari) AJni boshqarish, raqobatdosh mahsulot 
ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilishda ishtirok etuvchi strategik xorijiy investorlarni jalb qiladi.
 
VI. IJROIYA ORGANINING AKSIYADORLAR VA INVYESTORLAR BILAN O‘ZARO SAMARALI HAMKORLIGINING MYEXANIZMLARINI JORIY ETISH
25. Ijroiya organining aksiyadorlar va investorlar bilan o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmini joriy etish uchun AJ boshqaruv organlari:
AJ aksiyadorlari, boshqaruv va nazorat organi a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch, hurmat, hisobdorlik va nazorat tamoyillari asosidagi hamkorlikni ta’minlaydi;
AJ mansabdor shaxslari tomonidan o‘z vazifalarini professional asosda amalga oshirish, qonun hujjatlari, AJ ustavi va boshqaruv organi qarorlaridan kelib chiquvchi barcha majburiyatlarni vijdonan va oqilona bajarishi to‘g‘risidagi talablarni joriy etadi;
kuzatuv kengashi a’zoligi uchun nomzodlarga malaka talablari, shu jumladan, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan AJda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tomonidan berilgan korporativ boshqaruvchi malaka attestati mavjudligi talablarini belgilaydi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari);
AJ kuzatuv kengashi qoshida kuzatuv kengashi, ijroiya organlari a’zolari, AJ xodimlari va jalb etilgan ekspertlar (tegishli soha mutaxassislari, soha oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va boshqalar)dan iborat tegishli masalalar, shu jumladan, nizoli vaziyatlarni aniqlash va hal etish bo‘yicha qo‘mitalar (ishchi guruhlari) tashkil etadi;
kuzatuv kengashi yig‘ilishlarini so‘rov o‘tkazish yo‘li bilan, shuningdek, videokonferens-aloqa rejimida o‘tkazish holatlari va tartibini belgilaydi;
aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi raisi vakolatiga aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining audio-video yozuvi va internet tarmog‘idagi translyatsiyasiga ruxsat berish masalasini kiritadi;
kuzatuv kengashi, aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, AJ ustavi va rivojlanish rejasi tomonidan qo‘yilgan vazifalarning so‘zsiz bajarilishi uchun ijroiya organi vakolatiga kiruvchi masalalarni u tomonidan mustaqil hal etish talabini joriy etadi;
AJ mansabdor shaxslarining malakasini o‘quv kurslari, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish orqali oshiradi;
AJ faoliyatida korporativ qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan va kuzatuv kengashiga hisobot beruvchi korporativ maslahatchi lavozimini joriy etadi;
AJ biznes xatarlari va ijroiya organlari javobgarligini sug‘urtalaydi;
kuzatuv kengashi a’zolarining mukofot puli miqdorini AJ moliyaviy natijalari va korporativ boshqaruv tizimining mustaqil baholanishi natijalari bilan bog‘laydi;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida hisobot beruvchi AJ boshqaruv va nazorat organlari ma’ruzalari (hisobotlari) shakli va mazmuniga bo‘lgan talablarni, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi davomiyligini belgilaydi;
aksiyadorlar vakili sifatida ishtirok etuvchi ijroiya organi vakillarining ijroiya organiga a’zolar saylash masalasida ovoz berish huquqini cheklashi mumkin;
ustavda odatda AJ navbatdagi aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazish sanasini nazarda tutadi.
26. Ijroiya organining aksiyadorlar va investorlar bilan o‘zaro samarali hamkorligi mexanizmlarini joriy etish uchun AJ yuqorida qayd qilingan tavsiyalarni aks ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi.
 
VII. MANFAATLAR QARAMA-QARSHILIGI
27. Manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bog‘liq vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish va nizoli vaziyatlarni bartaraf etish uchun AJ o‘z ichiga quyidagilarni oluvchi manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi:
AJ mansabdor shaxslarining AJ manfaatini ko‘zlab faoliyat yuritish majburiyati;
AJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni aniqlash;
AJ mansabdor shaxslarining kuzatuv kengashini manfaatlar qarama-qarshiligi yuzaga kelishi to‘g‘risida xabardor qilish majburiyati;
kuzatuv kengashining ruxsatisiz AJ mansabdor shaxslarining boshqa yuridik shaxslarning boshqaruv va nazorat organlarida ishtirok etishini taqiqlash;
AJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning oldini olish;
manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bog‘liq nizoli vaziyatlarni hal etishning, shu jumladan, ularni 
hal etish uchun manfaatdor bo‘lmagan uchinchi shaxsni tayinlash yoki manfaatlar qarama-qarshiligini hal qilish bo‘yicha vakolatni kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi (a’zolari)ga yuklashning batafsil reglamenti.
28. Manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadi.
 
VIII. NAMUNAVIY TASHKILIY TUZILMANI JORIY ETISH
29. Namunaviy tashkiliy tuzilmani joriy etish uchun AJda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-son Farmonida tasdiqlangan namunaviy tashkiliy tuzilmaga muvofiqlik ta’minlanadi;
tashkiliy tuzilmani ishlab chiqish va joriy etishda AJ faoliyatining miqyosi, tarmoq xususiyati va yo‘nalishi hisobga olinadi;
AJning amaldagi tashkiliy tuzilmasi qonun ¬hujjatlarida belgilangan namunaviy tashkiliy ¬tuzilmaga muvofiqligining muntazam baholanishi tashkil etiladi;
AJning boshqaruv lavozimlariga xorijiy ¬menejerlar nomzodlarining ishtirok etishiga imkon yaratilgan holda har yili tanlovlar o‘tkaziladi;
rahbar lavozimlarga tanlovlar reglamenti ¬tasdiqlanib, unda tanlov e’lon qilish, tanlovning ob’ektiv mezonlari ularning yakuni bo‘yicha yangicha ¬fikrlovchi, zamonaviy talablarga javob beruvchi yuqori malakaga ega bo‘lgan, shuningdek, xorijiy menejerlarni tanlab olish jarayonlari bayon etiladi.
30. Kuzatuv kengashi tashkiliy tuzilmani ishlab ¬chiqish, joriy etish va muntazam baholanishi bo‘yicha ishlarning qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq tarzda amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni ta’minlaydi.
 
IX. AXBOROTLARNI AUDIT VA MOLIYAVIY HISOBOTLARNING XALQARO STANDARTLARI ASOSIDA E’LON QILISH
31. Axborotlarni audit va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida e’lon qilish uchun AJda:
kuzatuv kengashi yillik moliyaviy hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (keyingi matnlarda XMHS deb yuritiladi) muvofiq tarzda e’lon qilishga o‘tish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtiradi;
AJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga muvofiq tarzda e’lon qilishga o‘tish masalalari bo‘yicha taftish komissiyasi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi a’zolari, AJning mas’ul mansabdor shaxslari va jalb etilgan ekspertlar (zarur hollarda)dan iborat ishchi guruhi tuziladi;
yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlari asosida e’lon qilishga o‘tishda malakali xizmat ko‘rsatish uchun auditorlik yoki konsalting tashkiloti jalb etiladi;
auditorlik tashkiloti bilan hamkorlikda AJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlari asosida e’lon qilishga o‘tishning bosqichli algoritmi (tadbirlar rejasi) ishlab chiqiladi va kuzatuv kengashining yig‘ilishida tasdiqlanadi;
audit o‘tkazish va moliyaviy hisobotlarni tuzishga jalb etilgan AJ xodimlari XMHS va auditning xalqaro standartlari bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitiladi;
AJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlariga muvofiq tarzda e’lon qilishga o‘tish bo‘yicha tegishli rejada ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
AJning yillik moliyaviy hisobotlari XMHSga va auditning xalqaro standartlariga muvofiq tarzda 
qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda e’lon ¬qilinadi.
 
X. KODYEKS TAVSIYALARINI JORIY ETISH MONITORINGI
32. Kodeks tavsiyalarini joriy etish monitoringini amalga oshirish uchun AJ korporativ boshqaruv tizimini baholashni o‘tkazadi, bu ishni amalga oshirish uchun mustaqil tashkilotni jalb qilish tavsiya etiladi.
33. AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash yiliga kamida bir marta o‘tkaziladi.
34. AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash AJga mulkiy munosabat orqali bog‘liq bo‘lmagan tashkilot bilan tegishli shartnoma asosida amalga oshiriladi.
35. AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni quyidagi tashkilotlar o‘tkazishi mumkin:
fond birjasi;
qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari;
shtatida tegishli korporativ boshqaruvchi yoki qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisi attestati bo‘lgan auditorlik tashkilotlari;
akkreditatsiyadan o‘tgan reyting agentliklari;
Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi;
Xususiylashtirish, raqobatni va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolari tadqiqotlari markazi.
36. Korporativ boshqaruv tizimini baholashni o‘tkazish uchun mustaqil tashkilotni tanlash AJ kuzatuv kengashining qarori bo‘yicha tanlov asosida o‘tkaziladi.
37. AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi va Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tomonidan tasdiqlanadigan savolnoma asosida o‘tkaziladi.
38. AJda o‘tkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash natijalari AJ saytida shunday baholashni o‘tkazgan tashkilot xulosasi bilan birgalikda e’lon qilinadi.
39. Davlat nomidan aksiyador sifatida ishtirok etuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat hokimliklari va boshqa davlat tashkilotlari:
AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni o‘tkazish uchun o‘z mablag‘i hisobidan mustaqil tashkilotni jalb qilish huquqiga ega;
AJda o‘tkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash natijalarini AJ boshqaruv organida ular nomidan ishtirok etayotgan shaxslarni mukofotlash miqdorini aniqlash uchun qo‘llaydi.
 
XI. YAKUNIY QOIDALAR
40. Kodeks tavsiyalariga rioya qilmaslik davlat organlari tomonidan chora qo‘llanishga olib kelmaydi.
41. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi AJ mansabdor shaxslariga Kodeks tavsiyalariga rioya etmaganlik yoki Kodeksda nazarda tutilgan axborotlarni oshkor etmaganlik uchun javobgarlik chorasini o‘rnatishga haqli.
42. AJda Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan nazorat qilishni kuzatuv kengashi amalga oshiradi.

kodeks_ru.pdf

kodeks_uz.pdf