(+998 78) 129-59-59

Meva-sabzavotlar 61 davlatga eksport qilindi

Meva-sabzavotlar 61 davlatga eksport qilindi

Joriy yilning o‘tgan davrida oshqovoq, qulupnay, qalampir, piyoz, ko‘k piyoz, kartoshka, qizil lavlagi, sholg‘om, mevalardan – shaftoli, limon, anor, uzum, quritilgan mahsulotlardan – bodom, pista, mayiz va boshqalar o‘tgan yilga nisbatan ko‘p eksport qilindi.

Bu haqda Milliy matbuot markazida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 fevraldagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi qaroriga muvofiq eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi. Bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno. Eksport qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga meva-sabzavot mahsulotlarini dastlabki to‘lov, akkreditiv ochish yoki xaridor banklarning kafolati mavjudligi kabi shartlardan biri bo‘lgandagina eksport qilish huquqi beriladi.

Eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarining tabiiy yo‘qolishlari mavjud bo‘lganda, yo‘qolish summasi debitor qarzdorlik sifatida hisobga olinmaydi, balki eksport qiluvchi balansining xarajat qismida hisobga olinadi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari xamda boshqa qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksporti to‘g‘risida vazirlik, idoralar va viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda ish olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, Buxoro viloyati vakillari murojaatlariga asosan tariq mahsulotini eksportga chiqarishga erishildi.

– Yurtimizda meva-sabzavot yetishtirish tizimini takomillashtirish, jumladan, meva-sabzavot ekiladigan maydonlarning hosildorligini oshirish, saqlash va qayta ishlash quvvatlarini sezilarli ko‘paytirish hamda xalqaro moliyaviy institutlarning mablag‘larini faol jalb etishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining o‘rinbosari Faxriddin Kusharov. – Jumladan, Janubiy Koreyaning “KІSS“ kompaniyasi bilan hamkorlikda Quvasoy shahrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash ilmiy-amaliy markazini yaratish bo‘yicha 11 million dollar atrofidagi grant mablag‘ini jalb etish loyihasi ishlab chiqildi.

Joriy yilning yanvar-may oylarida 61 davlatga meva-sabzavotlar eksport qilingan.

Manba: UZA