(+998 78) 129-59-59

Import boj stavkalarini oshirilishi – mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini zaiflashtiradi

Import boj stavkalarini oshirilishi – mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini zaiflashtiradi

Import boj stavkalarini oshirilishi – mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini zaiflashtiradi

2019 yilning 3 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining import boj stavkalarini optimallashtirish bo‘yicha taklifi e’lon qilindi. Unda ta’kidlanishicha, mavjud bojxona bojlari stavkalari iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirish uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ya’ni, tovarlarning importi foydali bo‘lishiga xizmat qiladigan va ishlab chiqarish korxonalari o‘zlarining investitsion jozibadorligini yo‘qotib, tayyor mahsulotlar importiga yo‘naltirilgan vaziyat yuzaga kelgan.

Shundan kelib chiqib hamda ko‘plab tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlari orqali o‘tkazilgan muhokamalar natijalariga asosan, import boj stavkalarini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi quyidagi tamoyillar asosida kelishib olingan:

 

- tabiiy hom ashyo va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar (don, un, ruda va metall konsentratlar) - 0%lik bojxona poshlinasi stavkasi;

- hom ashyo tovarlari; respublikada ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlar; ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulotlar; oxirgi 3 yil ichida import qilinmagan mahsulotlar - 2%dan 5%gacha;

- tabiiy va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, ishlab chiqarilishi samarasiz yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas, deb hisoblanadigan yarim tayyor yoki tayyor mahsulotlar; mamlakatda ishlab chiqarilayotgan va qayta ishlanayotgan, ammo mavjud talablarga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlari; ishlab chiqarish hajmi ortib borayotgan tovarlar; inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan oziq-ovqat mahsulotlari - 10% dan 15% gacha;

- yetarli miqdorda ishlab chiqarilayotgan va eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari; respublikadagi iste’mol talabini qoplaydigan hajmda ishlab chiqarilayotgan yakuniy iste’moldagi tayyor mahsulotlar; inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hashamat uchun iste’mol qilinadigan va birinchi o‘rinda zarur hisoblanmaydigan mahsulotlar - 20% dan 30% gacha.

Shu bilan birga, respublikada ishlab chiqarilmaydigan 197 ta tovarlar uchun boj stavkalarini pasaytirish rejalashtirilmoqda. Jumladan, 89 ta tovarlar pozitsiyasida - 5% dan 2% gacha, 79 tasida - 10% dan 5% gacha, 7 tasida - 20% dan 2% gacha bojxona poshlinasini tushurilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, bozor kon’yukturasi sharoitlarini hisobga olgan holda 2 818 ta tovarlar uchun bojlar miqdori o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Import boj stavkalarini optimallashtirishi va oshirilishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning “ibtidoiy usul”da (proteksionestik) himoya qilinishi borasidagi tadbirlar keng jamoatchilik, mustaqil ekspertlar tomonidan internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy munosabatga va keskin munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, qabul qilinayotgan qaror birinchi navbatda, Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga, jumladan samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan islohotlarga zid bo‘lmasligi lozim.

Ikkinchidan, import boj stavkalarining optimallashtirilishi va oshirilishidagi muhim qaror qabul qilinishida bir tomonlama yondashuv orqali emas, balki uning natijalari qanday oqibatlarga olib kelishini chuqur tahlil qilgan holda keng muhokama qilinishi maqsadga muvofiqdir.

 

Joriy yilning 29 iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar ishtirokida bojxona to‘lovlari miqdorini oshirish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan muhokamada ham masala bir tomonlama manfaatdan kelib chiqilgan holda muhokama qilingan, nazarimizda. Ya’ni, unda asosan bojxona stavkalarini oshirish evaziga mahalliy ishlab chiqarish hajmi va ishlab chiqaruvchilarning salohiyatini oshirishdan ko‘proq manfaatdor idoralar, shuningdek, mahsulotlarini asosan davlat himoyasi ostida realizatsiya qiladigan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirok etishgan. Bu esa, o‘z-o‘zidan fikrlarda biryoqlamalikka asos demakdir.

mamlakat iqtisodiyotining liberallashuvini kamaytirib, erkin bozor mexanizmlari to‘laqonli ishlamasligiga olib keladi. Natijada, ushbu holat mamlakat iqtisodiyoti orqaga ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, rivojlanayotgan davlatlarda import bojlari stavkalari oshirilishi import tovarlari oqimini kamaytirishga emas, balki o‘sha davlatda kontrafakt tovarlar, “kulrang” tizim va korrupsiya avj olishiga olib kelishi mumkin.

Uchinchidan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni tashqi raqobatdan vaqtincha (2-3 yil) himoya qilish, aslida, aynan o‘sha korxonalar rivojini shuncha vaqtga to‘xtatib qo‘yish bilan barobar. Ya’ni, mahalliy ishlab chiqaruvchi raqobat yo‘qligidan foydalanib, mahsulot sifatiga, uni yangilashga e’tibor qaratmay, bozorda o‘zi belgilagan narxda, zo‘r berib ko‘proq mahsulot o‘tkazib qolishga intiladi.

Birgina misol, “GM Uzbekistan” zavodi avtomobillariga talab yuqori bo‘lgan paytda, mahsulot sifatiga, mahsulotini takomillashtirishga, tannarxini tushirishga yetarli e’tibor qaratilmaganligi tufayli hozirgi kunda ushbu avtomobillar ma’nan eskirdi, avtomobil sifatini oshirish va zamonaviy qulaylik, funksiyalarni qo‘shish esa, tannarxni oshishiga olib keladi. Natijada hosil bo‘ladigan narxni esa bozor ko‘tarmaydi. Pirovardida, “GM Uzbekistan” Rossiya, Qozog‘iston bozorlaridagi o‘z o‘rnini boshqa raqobatbardosh, arzon, zamonaviy avtomobil ishlab chiqaruvchilariga bo‘shatib berdi, amalda.

To‘rtinchidan, ichki bozorda muqobil tovar yo‘qligi tufayli mamlakat aholisi yuqori narxdagi, sifatsiz, ma’nan eski mahsulotlarni sotib olishiga majbur bo‘ladi. Oqibatda, aholi turmush darajasi yuqori narxga hamohang tarzda pasayib boradi. Ya’ni, iste’mol qilinayotgan tovarning narxi qancha yuqorilasa, uni sotib olayotgan aholi shuncha qashshoqlashadi.

Beshinchidan, import orqali ishlaydigan “halol” tadbirkorlar uchun “nohalol” raqobat muhiti yaratiladi. Ular “kontrafakt” tovarlar bilan keskin kurash olib borishiga majbur bo‘ladi.

 

Bizningcha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar davlat tomonidan proteksionistik usulda emas, balki zamonaviy, boshqalarga zararli bo‘lmagan iqtisodiy usullarda himoya qilinishi maqsadga muvofiqdir.

Jumladan, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga davlat tomonidan hom ashyo, materiallar sotib olishi uchun yoki aylanma mablag‘larini shakllantirishi, zamonaviy energoeffektiv jihozlar sotib olishi uchun kerakli moliyaviy resurs va subsidiyalar ajratilishi ko‘proq samarali natija beradi.

Masalan, Janubiy - Sharqiy Osiyo davlatlarida kichik va o‘rta korxonalar (kichik va o‘rta biznes) davlat tomonidan subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlanadilar. Subsidiyalar quyidagi yo‘nalishlarga ajratiladi:

tarmoqlarning innovatsion rivojlanishi;

yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, xodimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish; milliy ishlab chiqaruvchilar tovarlarini targ‘ib qilish;

infratuzilmani yaratish, xalqaro bozorda tovarlarni ilgari surish;

mahsulot sifatini yaxshilash;

yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini yangi ilmiy prinsiplarga, shuningdek ekologik talablarga muvofiq joriy etish;

texnik yangilashni moliyalashtirish;

texnologik parklarni yaratish va boshqalar.

Shuningdek, Xitoyda kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus davlat jamg‘armasi tashkil etilgan;

Hindistonda esa, hukumat charm sanoati rivojlanishining kompleks dasturini qabul qilgan bo‘lib, ishlab chiqarishni kengaytirish (modernizatsiya qilish) subsidiyalar shaklida amalga oshiriladi. Shuningdek, dasturlar sanoat uchun texnologiyalarni rivojlantirishga jalb qilingan yangi tadqiqot institutlarini tashkil etish va mavjudlarini kengaytirishni ham ko‘zda tutadi.

Koreyada yuqori texnologik materiallarni ishlab chiqarish uchun sanoat ekotizimlarini rivojlantirish va tijoratlashtirish bo‘yicha davlat tomonidan grantlar ajratiladi.

Va nihoyat, Turkiyada sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash agentligi (KOSGEB) ishtirokida foizsiz davlat kreditlarini berish tartibi joriy etilgan.

 

Sanab o‘tilgan mamlakatlar iqtisodiy ko‘rsatkichlari haqida esa, alohida to‘xtalib o‘tirishga hojat yo‘q, fikrimizcha.

Shuningdek, globallashuv fonidagi erkin bozor sharoitida zamonaviy, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari bir davlatda boshlanib, bir necha davlatda davom etib, yakuniy bosqichi yana boshqa davlatda yakunlanmoqda.

Shunday ekan, ayni paytda biz turli proteksionistik usullar bilan ushbu texnologik jarayon zanjirini uzib qo‘yish orqali emas, balki zamonaviy innovatsion texnologiyalar, shu bilan birga mamlakatimizga intelektual, investitsion resurslar oqimini ortishiga xizmat qiluvchi qulay sharoit yaratishimiz ko‘proq muhimdir.

So‘nggi so‘z o‘rnida: “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi haqida fuqarolarning fikrlarini o‘rganishga qaratilgan “fikr.strategy.uz” portali ishga tushirilgan.

Undagi savollardan biri aynan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bojxona to‘lovlari orqali himoyalashga aholi munosabatini aniqlashga qaratilgan. Mazkur munosabat tayyorlanish jarayonida ushbu savol alohida ajratib olinib, ijtimoiy tarmoqlar orqali alohida so‘rovnoma shaklida ko‘pchilik e’tiboriga havola etildi. Ikki sutka davomida 30 mingdan ortiq kishi unga e’tibor qilgan bo‘lsa, 6257 ta odam ovoz berdi. Shundan oz emas-ko‘p emas, 87 foizi, ya’ni 5443 nafar qatnashchi “salbiy, monopoliya kuchayadi, narxlar ko‘tariladi” javobini tanlagan. “Ijobiy, mamlakatning ishlab chiqarish va eksport salohiyati ortadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi” degan javob esa, atigi 814 ta ovoz oldi. Bu umumiy ovozlarning 13 foizi demakdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ushbu masalani yana bir bor qayta ko‘rib chiqish, bunda ilg‘or mamlakatlar tajribasini inobatga olish, asosiysi, mamlakatimizda ko‘p yillar mobaynida amalda bo‘lib kelgan sun’iy himoya natijalarini inobatga olish, va albatta, aholi fikriga ham e’tibor qaratish lozim, deb hisoblaydi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi