(+998 71) 129-59-59

Fuqarolar murojaati

O’zbekiston Respublikasining qonuni

FUQAROLARNING MUROJAATLARI TO’G’RISIDA

(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994 y., 5-son, 140-modda)

http://www.lex.uz/image/favicon.gif LexUZ sharhi

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 3 dekabrdagi O‘RQ-378-sonli «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.

http://www.lex.uz/image/favicon.gif LexUZ sharhi

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 13 dekabrdagi 446-II-sonli «Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonuniga asosan yangi tahrirda tasdiqlangan.

Ushbu Qonun fuqarolarning davlat organlariga, jamoat birlashmalariga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat qilish huquqini ifoda etuvchi asosiy qoidalarni, shuningdek fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini belgilaydi.

1-modda. Fuqarolarning murojaatlari

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat va jamoat ishlarini boshqarishda ishtirok eta borib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida o‘zlariga berilgan huquqlar va erkinliklarni ro‘yobga chiqara borib:

o‘zlarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoyalab murojaat qilishga;

davlat va jamoat birlashmalarining vakolatli organlari buzilgan huquqlarini tiklashiga haqlidirlar.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari boshqa shaxslar va tashkilotlarning foydasini ko‘zlab murojaat qilishlari mumkin.

Murojaatlar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib ifodalangan bo‘lishi mumkin hamda og‘zaki yoki yozma shakldagi taklif, ariza yoxud shikoyat ko‘rinishida kiritiladi.

Basharti respublika qonun hujjatlarida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning boshqa tartibi nazarda tutilgan bo‘lsa, murojaatlar ushbu Qonunga muvofiq qarab chiqilmasligi lozim.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu Qonunga muvofiq murojaat qilish huquqiga egadirlar.

Xorijiy davlatlar fuqarolarining murojaatlari, basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlarida ularni qarab chiqishning o‘zga qoidalari nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Qonunda belgilangan tartibda qarab chiqiladi.

2-modda. Murojaatlarga qo‘yiladigan talablar

Murojaatlarda fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan, taklif, ariza yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi lozim. Ushbu ma’lumotlar ko‘rsatilmagan murojaatlar anonim xat hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish vakolatiga kiradigan davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa, tashkilot yoki mansabdor shaxsga, shuningdek barcha darajadagi deputatlarga yo‘llanadi.

Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmaydigan davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa yoki tashkilotga yuborilgan bo‘lsa, 5 kun muddatdan kechiktirmay tegishli organlar yoki mansabdor shaxslarga jo‘natiladi va bu haqda fuqaroga ma’lum qilinadi.

Belgilangan tartibda berilgan murojaatlar ko‘rib chiqilishi shart. Murojaatlarni qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.

Basharti murojaatlarda ularni tegishli organlar yoki mansabdor shaxslarga jo‘natish uchun zarur ma’lumotlar aks ettirilmagan bo‘lsa, ular xuddi shu muddatda tegishli tushuntirishlar bilan fuqaroga qaytarib yuboriladi.

3-modda. Fuqarolarni murojaat qilganligi uchun ta’qib ostiga olishning va murojaatni himoyalash xatti-harakatlarida ishtirok etishga majbur qilishning taqiqlanishi

Fuqarolarni va ularning oila a’zolarini ular murojaat qilish vositasida o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarayotganliklari yoki himoya qilayotganliklari uchun ta’qib ostiga olish man etiladi.

Hech kim biron-bir murojaatni himoyalash xatti-harakatlarida ishtirok etishga majbur qilinmasligi lozim.

4-modda. Murojaatlarning ko‘rib chiqilish munosabati bilan ayon bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor etishning taqiqlanishi

Murojaatlarning ko‘rib chiqilishi vaqtida davlat organlarining, jamoat birlashmalarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning xodimlari tomonidan fuqarolarning o‘z roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarning yoki davlat siri yoxud qonun muhofazasidagi boshqa sir hisoblangan ma’lumotlarning, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazadigan o‘zga axborotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek murojaatga daxldor bo‘lmagan, fuqaroning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni surishtirib bilishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqaroning iltimosiga binoan uning shaxsiga doir har qanday ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.

5-modda. Ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan murojaatlar

Fuqarolarning ommaviy axborot vositalariga yo‘llagan murojaatlaridan jamoat fikrini o‘rganish va matbuotda aks ettirish uchun foydalaniladi.

Hal etilishi ommaviy axborot vositalarining vakolatiga taalluqli masalalarga doir fuqarolarning murojaatlari ushbu Qonunga muvofiq ko‘rib chiqilishi lozim.

6-modda. Taklifni ko‘rib chiqish

Takliflar fuqarolarning davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning faoliyatini yaxshilashga qaratilgan murojaatlaridir.

Davlat organi, jamoat birlashmasi, korxona, muassasa, tashkilot taklifni har tomonlama ko‘rib chiqishi va fuqaroning iltimosiga binoan ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida unga ma’lum qilishi shart.

7-modda. Arizani ko‘rib chiqish

Arizalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish to‘g‘risida iltimos bayon etilgan murojaatlardir.

Arizalarni ko‘rib chiqish o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari, jamoat birlashmalari, ularning mansabdor shaxslari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari:

arizalarni har tomonlama, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqishlari;

qonunga asoslangan qarorlar qabul qilishlari va ularning ijrosini ta’minlashlari;

arizalarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida fuqarolarga ma’lum qilishlari shart.

Arizada bayon etilgan talablarni qondirishning rad etilishi fuqaroga rad etishning sabablari ko‘rsatilgan holda yozma tarzda ma’lum qilinadi.

Arizasi bo‘yicha qabul qilingan qaror ustidan fuqarolar tomonidan ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

8-modda. Shikoyatni ko‘rib chiqish

Shikoyatlar davlat organlarining, jamoat birlashmalarining, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari yoxud qarorlari tufayli fuqarolarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash talab qilingan murojaatlardir.

Davlat organining, jamoat birlashmasining, korxona, muassasa, tashkilotning, mansabdor shaxsning xatti-harakati yoki qarori ustidan shikoyat bo‘ysunuv tartibiga qarab, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga beriladi.

Yuqori turuvchi davlat organiga, jamoat birlashmasining organiga yoki mansabdor shaxsga davlat organi yoki jamoat birlashmasining organi tomonidan xatti-harakat sodir etilganligi yoki qaror qabul qilinganligi fuqaroga ma’lum bo‘lib qolgan vaqtdan e’tiboran bir yildan kechiktirmay shikoyat bilan murojaat qilinishi mumkin. Uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddat shikoyatni ko‘rib chiqayotgan organ tomonidan tiklanadi.

Yuqori turuvchi davlat organining, jamoat birlashmasining, mansabdor shaxsning qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Fuqaro shikoyatni shaxsan berishga yoki bu ishga boshqa shaxsni vakil qilishga haqlidir.

Fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxs ham shikoyat berishi mumkin. Voyaga yetmaganlar va muomalaga layoqatsiz shaxslar manfaatlarini ko‘zlab ularning qonuniy vakillari shikoyat bilan murojaat qiladilar.

Shikoyatga fuqarolarning murojaati bo‘yicha avval qabul qilingan qaror yoki uning ko‘chirmasi, shuningdek shikoyatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar ilova qilinadi.

Fuqarolarning shikoyatlarini xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan organlar yoki mansabdor shaxslarning o‘ziga jo‘natish taqiqlanadi.

9-modda. Fuqaroning shikoyat ko‘rib chiqilishi vaqtidagi huquqlari

Davlat organi, jamoat birlashmasi, korxona, muassasa, tashkilotga shikoyat bilan murojaat qilgan fuqaro:

shikoyatni tekshirayotgan shaxsga o‘z dalil-isbotlarini shaxsan bayon qilish;

tekshirishga doir materiallar bilan ushbu Qonun 4-moddasining talablariga rioya qilgan holda tanishish;

qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki shikoyatni ko‘rib chiqayotgan organning ularni so‘rab olishini iltimos qilish;

advokat yoki boshqa shaxsning xizmatlaridan foydalanish;

shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yozma javob olish;

etkazilgan zarar qonunda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga egadir.

10-modda. Davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning shikoyatlarni ko‘rib chiqish borasidagi vazifalari

Davlat organlari, jamoat birlashmalari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, ularning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari doirasida:

shikoyatlarni xolisona, har tomonlama va o‘z vaqtida tekshirishlari;

shikoyatga sabab bo‘lgan noqonuniy qarorni bekor qilishlari yoki o‘zgartirishlari, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rishlari, qoidabuzarliklarga olib kelgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashlari;

fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishini, shikoyat munosabati bilan qabul qilingan qaror amalda ijro etilishini ta’minlashlari;

fuqaroga shikoyatni tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to‘g‘risida yozma tarzda ma’lum qilishlari shart.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda rahbar yoki uning o‘rinbosari, jamoat birlashmalarida esa saylab qo‘yiladigan organlar yoki ular vakolat bergan shaxslar shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilishga haqlidirlar.

11-modda. Takliflar, arizalar va shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddati

Fuqarolarning takliflari taklif tushgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklif kiritgan shaxsga ma’lum qilinadi.

Arizalar va shikoyatlar davlat organiga, jamoaat birlashmasiga, korxona, muassasa va tashkilotga tushgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida hal etiladi, ular masalani mohiyatan hal etishlari, qo‘shimcha o‘rganishlar va tekshirishni talab qilmaydigan masalalarni esa 15 kundan kechiktirmay hal etishlari shart.

Ariza yoki shikoyat hal etish uchun maxsus tekshiruvlar o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lsa, tegishli organ, korxona, muassasa, tashkilot rahbari yoki rahbarining o‘rinbosari ariza yoki shikoyatni hal etish muddatini, istisno tariqasida, uzaytirishi mumkin, biroq bu muhlat bir oydan oshmasligi lozim bo‘lib, bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi. Bunda murojaatni ko‘rib chiqish umumiy muddati ikki oydan oshmasligi kerak.

12-modda. Fuqarolarni shaxsan qabul qilish

Barcha darajadagi deputatlar, davlat organlarining, jamoat birlashmalarining, mulkchilik shaklidan qay’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslarni fuqarolarni shaxsan qabul qilishlari shart.

Qabul muntazam, belgilangan kun va soatlarda, fuqarolar uchun qulay vaqtda o‘tkaziladi.

Fuqarolarning og‘zaki murojaatlari va ularni ko‘rib chiqish natijalari ro‘yxatga olinishi lozim.

Fuqarolarni davlat organlarida, jamoat birlashmalarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda qabul qilish tartibi ularning rahbarlari tomonidan belgilanadi.

13-modda. Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Murojaatni ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy tarzda rad etganlik, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzganlik, asossiz, qonunga zid qarorlar qabul qilganlik yoxud fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni oshkor etganlik, shuningdek fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzganlik, basharti bunday xatti-harakatlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmasa, mansabdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

Fuqarolarni u davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa, tashkilotga murojaat qilganligi sababli yoxud murojaatdagi tanqid uchun ta’qib ostiga olganlik, shuningdek fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini davlat yoki jamoat manfaatlariga yoxud fuqarolarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquqlariga jiddiy zarar yetkazish tarzida buzganlik aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

14-modda. Fuqaroning shikoyatini ko‘rib chiqish vaqtida qonun talablarini buzilishi oqibatida unga yetkazilgan zararni qoplash

Shikoyat qondirilgan taqdirda fuqaroning murojaat bo‘yicha g‘ayrihuquqiy qaror qabul qilgan davlat organi, jamoat birlashmasi, korxona, muassasa, tashkilot yoki mansabdor shaxs unga shikoyat bilan murojaat qilish va uning ko‘rib chiqilishi tufayli ko‘rgan moddiy zararini, tegishli organning talabiga binoan shikoyat ko‘rib chiqilishi munosabati bilan bir joydan boshqa joyga borish maqsadida qilgan sarf-xarajatlarini va shu vaqt ichida boy bergan ish haqini to‘laydi. Xarajatlarni undirishga doir nizolar sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

15-modda. Fayrihuquqiy tusdagi murojaat berganlik uchun javobgarlik

Fuqaroning tuhmat va haqorat ruhidagi yoxud milliy adovat qo‘zg‘atishga va jinoiy tarzda jazolanadigan boshqa xatti-harakatlar sodir etishga da’vat qiluvchi murojaatni berganligi qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

16-modda. Atayin soxta ma’lumotlar bayon qilingan murojaatlarni tekshirish uchun ketgan xarajatlarni qoplash

Davlat organi, jamoat birlashmasi, korxona, muassasa, tashkilot fuqaroning atayin soxta ma’lumotlar bayon etilgan murojaatlarini tekshirish tufayli qilgan xarajatlari sudning qaroriga binoan undirib olinishi mumkin.

17-modda. Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etilishini nazorat qilish

Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini talablariga rioya etilishi usidan nazoratni davlat hokimiyati organlari, shuningdek o‘zlariga bo‘ysunuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda — vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar ta’minlaydilar.

18-modda. Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan prokurorlik nazorati

Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori hamda unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradilar. Ular o‘zlariga berilgan vakolatlarga muvofiq fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, huquqbuzarlarni javobgarlikka tortishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘radilar.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1994 yil 6 may,

1064-XII-son